Toshkentda Captiva piyodani urib yubordi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yo‘l transport hodisasi qayd etildi. 5 mart kuni soat 19:10 larda Shahrisabz ko‘chasida Captiva rusumli avtomobil haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan harakatlanib o‘tayotgan fuqaroni urib yuborgan.
Hodisa yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi YHXB ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, jabrlangan piyoda shifoxonaga murojaat qilmagan va hozirgacha sog‘lig‘i yuzasidan hech qanday xabar kelib tushmagan. Ayni damda mazkur holat yuzasidan qonuniy rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda va surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar barcha yo‘l harakati qatnashchilarini qoidalarga qat'iy rioya qilishga chaqirmoqda. Ayniqsa, piyodalar o‘tish joylarida tezlikni kamaytirish va ehtiyotkor bo‘lish haydovchilar uchun muhim vazifa hisoblanadi.
So‘nggi vaqtlarda respublika bo‘ylab yo‘l transport hodisalari ko‘payib bormoqda. Xususan, Samarqandda Onix avtomobili piyodani urib yuborishi oqibatida o‘lim holati qayd etilgandi. Shuningdek, Toshkentda kuryerning yuk mashinasi ostida qolib halok bo‘lishi va Samarqanddagi velosipedchi bilan bog‘liq mudhish voqealar jamoatchilikni hushyorlikka chorlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!