Navoiyda oltin qazib olish bilan shug‘ullangan "yashirin sex" fosh etildi...

Foto: Videodan kadr
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida davlat zaxirasidagi yer maydonlarida oltin saqlovchi rudalarni noqonuniy qazib olib, ularni kimyoviy usulda qayta ishlash bilan shug‘ullangan uyushgan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu guruhga Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan shaxs rahbarlik qilgan. U Navoiy viloyati Karmana tumani hududidagi parrandachilik xo‘jaligi binosini ijaraga olib, unda yashirin ishlab chiqarish sexini tashkil etgan.
Tezkor harakatlar chog‘ida 200 kilogramm miqdorida yarim tayyor oltin, tarkibida oltin moddasi mavjud 200 qop qum va toshlar, 300 kilogramm kimyoviy reagentlar, maxsus laboratoriya uskunalari, gaz ballonlari hamda boshqa turli texnik jihozlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Navbahor tumanida qayd etilgan yana bir holatda mahalliy MCHJ rahbari soxta ruxsatnoma asosida “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida 19 nafar shaxsni jalb etgan holda noqonuniy oltin qazib olish ishlarini tashkil etgani aniqlandi.
Ushbu ish bo‘yicha 6 kilogramm yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq oltin saqlovchi ruda, kimyoviy moddalar, yuk avtomobillari va maxsus texnikalar musodara qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qazib olingan qimmatbaho boyliklar 6,1 milliard so‘m miqdoridagi zararni tashkil etgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda. Shu bilan birga, tabiatga yetkazilgan ekologik zarar hajmi ham aniqlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!