date

DXX tadbiri: kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni tashiyotganlar qo‘lga olindi

DXX tadbiri: kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni tashiyotganlar qo‘lga olindi

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Qo‘qon shahrida yashovchi, 1994 va 2002 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs o‘zlarining tanishi — Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaroning “Jentra” rusumli avtomashinasida Farg‘ona tumaniga borgani maʼlum bo‘ldi. Ular u yerda qo‘shni respublikadan mamlakat hududiga noqonuniy o‘tkazilgan 11 650 dona “Regapen” dori vositasini qabul qilib olishgan.

Shundan so‘ng, mazkur dori vositalarini Qo‘qon shahriga olib ketayotgan vaqtlarida tezkor guruh tomonidan Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilgan. Maʼlum qilinishicha, qonunbuzarlar avtomashinadan dorilarni uloqtirib, voqea joyidan qochishga uringan, ammo rejalari amalga oshmagan.

Dastlabki surishtiruvlarda ushbu shaxslar mazkur turdagi dori vositalarini Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida yashovchi shaxslarga sotish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan.

Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qonunni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolardan kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘ramoqda. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » DXX tadbiri: kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni tashiyotganlar qo‘lga olindi