Toshkent viloyatida 10 kunda ikki qotillik sodir etildi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida 10 kun ichida ikki nafar shaxs pichoqlab o‘ldirilgani qayd etildi. Bu haqda “Millar” ko‘rsatuvida xabar berilgan.
Birinchi holat 2 aprel kuni yarim tun vaqtda sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kafe hududida ikki yigit o‘rtasida og‘zaki janjal kelib chiqqan va gumonlanuvchi marhumning ko‘krak hamda qo‘l qismiga pichoq bilan zarba bergan. Natijada yigit voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Ikkinchi holat esa 11 aprel kuni kechqurun kuzatilgan. Sartaroshlik bilan shug‘ullangan yigit yoshlar o‘rtasida chiqqan janjalni tinchlantirish maqsadida tashqariga chiqqan va shu paytda pichoqlangan. Jabrlanuvchi shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.
Har ikki holat bo‘yicha mahalla aholisi va yaqinlar marhumlarni ijobiy fazilatli inson sifatida eslab, bunday fojialarga yoshlar orasida nazoratsizlik sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Ayrim guvohlar esa ota-onalarni farzandlari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirgan.
Mazkur holatlar yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga ayblov e’lon qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Andijon viloyati Buloqboshi tumanida 17 yoshli maktab o‘quvchisi tanishini pichoqlab o‘ldirgani haqida ham xabar berilgan edi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, voyaga yetmagan shaxs protsessual tartibda ushlangan.