Sunʼiy intellekt biznesga kutilgan daromad keltirmadi: kompaniyalarning 95 foizi natija koʻrmadi

MIT NANDA tashkiloti hisobotiga koʻra, oʻrganilgan kompaniyalarning 95 foizi sunʼiy intellektni joriy etishdan moliyaviy daromad ololmagan. Global miqyosda korporativ tuzilmalar tomonidan GenAI texnologiyalariga 30–40 milliard dollarlik sarmoya yoʻnaltirilganiga qaramay, tahlil qilingan loyihalarning bor-yoʻgʻi 5 foizi millionlab dollarlik foyda keltirgan.
Soʻnggi yillarda butun dunyo boʻylab shiddat bilan ommalashib borayotgan generativ sunʼiy intellekt texnologiyalari koʻplab korxonalar uchun moliyaviy jihatdan kutilgan natijani bermagani maʼlum boʻldi. Ixbt.com nashrining MIT NANDA tashkiloti hisobotiga tayanib xabar berishicha, oʻrganilgan kompaniyalarning 95 foizi sunʼiy intellektni joriy etishdan sezilarli va oʻlchanadigan daromad ololmagan. Shunga qaramay, tahlil qilingan loyihalarning bor-yoʻgʻi 5 foizi muvaffaqiyatli chiqib, millionlab dollarlik foyda keltirishga muvaffaq boʻlgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʼlumotlarga koʻra, mazkur tadqiqot Global miqyosda korporativ tuzilmalar tomonidan GenAI texnologiyalariga yoʻnaltirilgan 30–40 milliard dollarlik sarmoyalar fonida oʻtkazilgan. Mutaxassislar 300 dan ortiq ommaviy eʼlon qilingan sunʼiy intellekt tashabbuslarini oʻrganib chiqib, 52 ta tashkilot vakillari bilan chuqurlashtirilgan intervyular uyushtirgan. Shuningdek, toʻrtta yirik tarmoq konferensiyasida qatnashgan 153 nafar yuqori boʻgʻindagi rahbarlarning fikrlari jamlangan.
Texnologiyaning oʻzi emas, uni joriy etishdagi muammolar
Tadqiqot mualliflari kutishlar va real natijalar oʻrtasidagi bunday keskin tafovutni sunʼiy intellekt modellarining sifatsizligi yoki qatʼiy qonunchilik cheklovlari bilan emas, balki bevosita amaliyotga tatbiq etishdagi qiyinchiliklar bilan izohlashmoqda. Asosiy muammolar qatorida ish jarayonlarining turgʻun emasligi, tizimlarning kontekstni saqlab qolish hamda foydalanuvchilar qayta aloqasini hisobga olish qobiliyati cheklangani koʻrsatib oʻtilgan. Bundan tashqari, ishlab chiqilgan yechimlar xodimlarning kundalik vazifalari bilan yetarlicha bogʻlanmagani ham oʻz taʼsirini oʻtkazgan.Hisobot natijalariga koʻra, tekshirilgan tashkilotlarning 80 foizdan ortigʻi ChatGPT va Copilot kabi universal vositalarni oʻrganib chiqqan yoki ularni sinovdan oʻtkazgan. Biroq muayyan tor vazifalarga moʻljallangan maxsus korporativ tizimlarning atigi 5 foizigina toʻlaqonli sanoat miqyosida ekspluatatsiya bosqichiga yetib kelgan. Bu esa universal yechimlarni har doim ham biznesning oʻziga xos ehtiyojlariga osongina moslashtirib boʻlmasligini koʻrsatadi.
Tashqi hamkorlar va ichki ishlanmalar farqi
Tadqiqotda dasturiy yechimlarni yaratish yondashuvlaridagi tafovutlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Oʻrganilgan guruh doirasida tashqi hamkorlar ishtirokida yaratilgan loyihalar taxminan 67 foiz holatda toʻliq joriy etish bosqichiga yetib borgan boʻlsa, kompaniyalarning oʻz ichki resurslari asosida qilingan ishlanmalari 33 foiz atrofida natija koʻrsatgan.Shu bilan birga, mutaxassislar muvaffaqiyat mezonlari har bir kompaniyada turlicha belgilanganini taʼkidlashadi. Tashqi pudratchilarni jalb qilish oʻz-oʻzidan yuqori natija kafolati boʻla olmasligi, aniqlangan oʻzaro bogʻliqlik esa faqatgina tanlab olingan tadqiqot namunasi doirasidagi holatlarni aks ettirishi eslatib oʻtilgan.






























Izohlar 0
…