Urgutda poliklinika yangilandi, tibbiy xizmat sifati oshmoqda

Samarqand viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Xususan, Urgut tumanida joylashgan “Navoiy” oilaviy poliklinikasi qisqa vaqt ichida tubdan oʻzgarib, mutlaqo yangi qiyofaga kirdi.
Maʼlum qilinishicha, 2025 yil 18 dekabr kuni ushbu muassasa deyarli tashlandiq ahvolda boʻlgan. Oradan atigi toʻrt oy oʻtib esa u zamonaviy talablarga javob beradigan, qulay va jihozlangan tibbiyot muassasasiga aylandi. Yangi binoda faoliyat yuritayotgan shifokor va tibbiyot xodimlari qoʻshimcha oʻquv kurslarida malaka oshirib qaytgan boʻlib, endilikda yaxshilangan sharoitlarda aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida ushbu hududga tashrif buyurib, poliklinikada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, u Urgut tumanida fermerlar oilasi — Haydarovlar xonadonida ham mehmon boʻldi.
Yangilangan tibbiyot muassasasidagi tugʻruq boʻlimi alohida eʼtiborga loyiq. U 16 ta qishloq aholisiga xizmat koʻrsatib, zamonaviy standartlar asosida jihozlangan. Qayd etilishicha, yaqinda aynan shu yerda birinchi chaqaloq — Shavkatjon dunyoga kelgan. Saida Mirziyoyeva bu voqeani amalga oshirilayotgan islohotlarning xayrli natijasi sifatida baholab, ona va bolaga sogʻlik, chaqaloqqa esa yorug‘ kelajak tiladi.
«Bu yerdagi 16 ta qishloqning ayollariga xizmat koʻrsatayotgan tugʻruq boʻlimi eng zamonaviy talablarga javob beradi. Kuni kecha ushbu dargohda birinchi chaqaloq – Shavkatjon dunyoga keldi. Men buni boshlagan barcha ishlarimizning xayrli ekaniga bir ishora, deb bildim.
Ona-bolaga mustahkam sogʻlik tilaymiz. Yangi mehmonning tolei baland boʻlsin!» deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Hozirda Urgut tumanida tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Joriy yil yakuniga qadar 23 ta tibbiyot obyektini rekonstruksiya qilish hamda 770 nafar mutaxassisni qayta tayyorlash rejalashtirilgan. Bu esa aholi uchun tibbiy xizmatlarni yanada qulay va sifatli qilishga xizmat qiladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, mazkur poliklinika 13 mingdan ortiq aholiga xizmat koʻrsatadi. Muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlangan boʻlib, bu yerda malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Barcha sharoitlar yaratilgani esa birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yuqori darajada tashkil etish imkonini bermoqda.
Qisqacha aytganda, bu kabi yangilanishlar nafaqat infratuzilmani, balki odamlarning hayot sifati va sogʻligʻini ham sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!