Samarqandda voyaga yetmagan 7 va 9 yoshli qizlar zoʻravonlikka uchradi

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan zoʻravonlik holati yuzasidan tekshiruv ishlari boshlangani maʼlum qilindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani axborot berdi.
Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 21 aprel kuni Toyloq tumanida yashovchi fuqaro M.S. vaqtincha vasiyligida boʻlgan ikki nafar voyaga yetmagan qiz — B.D. (2019 yilda tugʻilgan) va B.M. (2017 yilda tugʻilgan)ning hozirda xorijda boʻlib turgan onasi D.M.dan pul talab qilish maqsadida turli koʻrinishda bosim oʻtkazgan. U bolalarga nisbatan jismoniy hamda ruhiy zoʻravonlik harakatlarini amalga oshirib, ushbu holatlarni videotasvirga olgan.
Bolalar ombudsmanining Samarqand viloyati boʻyicha mintaqaviy vakili voqea joyiga chiqib, holatni oʻrgangan va bolalarni himoya qilish maqsadida zarur tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirgan.
Ayni paytda ushbu holat boʻyicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, tuman vasiylik organi — “Inson” markazi masʼullari tomonidan M.S. vasiylik huquqidan mahrum qilingan.
Bolalarga yetkazilgan tan jarohatlarining darajasini belgilash uchun sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Bolalar ombudsmani mintaqaviy vakili tashabbusi bilan voyaga yetmagan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb etilgan.
Shu bilan birga, qizlar tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirilib, yashash hududiga yaqin maktab hamda maktabgacha taʼlim muassasasiga rasmiy ravishda biriktirilgan. Shu orqali ularning xavfsiz oilaviy muhitda yashash va taʼlim olish huquqlari taʼminlangan.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda bolalarning xorijda boʻlgan onasining ota-onalik majburiyatlarini bajarish darajasi ham oʻrganilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!