Yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish tartibi yengillashtiriladi

O'zbekistonda 2026 yil 1 iyuldan boshlab yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayonida yangi soddalashtirilgan tartiblar joriy etiladi. Ushbu o'zgarishlarga ko'ra, tanlovning suhbat bosqichida beriladigan savollar tegishli davlat organining rasmiy veb-saytiga suhbatdan kamida bir oy oldin e'lon qilinishi shart bo'ladi va belgilangan muddatda joylashtirilmagan savolarni berish qat'iyan taqiqlanadi.
2026 yil 1 iyuldan O‘zbekistonda yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida yangi tartiblar amal qila boshlaydi. O‘zgarishlar tanlovlarni ochiq va shaffof o‘tkazish, shuningdek, yosh mutaxassislarning davlat idoralarida ish boshlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, davlat xizmatiga qabul qilish bo‘yicha tanlovning suhbat bosqichida beriladigan savollar oldindan e’lon qilinishi shart. Savollar tegishli davlat organining rasmiy veb-saytiga suhbat o‘tkazilishidan kamida bir oy avval joylashtiriladi.
Muhimi, belgilangan muddatda e’lon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanadi. Bu talab suhbat jarayonida barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish va kutilmagan savollar orqali nomzodlarga bosim o‘tkazilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ichki tanlov o‘tkazish talab etilmaydigan lavozimlar hamda nomzodlardan umumiy yoki maxsus ish staji so‘ralmaydigan vazifalarning alohida ro‘yxati tasdiqlanadi.
Ish tajribasi talab qilinadigan lavozimlar uchun ham aniq cheklov belgilanmoqda. Bunday holatlarda nomzoddan ko‘pi bilan ikki yillik umumiy yoki mutaxassislik bo‘yicha ish staji talab qilinishi mumkin. Demak, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lmagan yoshlar uchun ham davlat xizmatiga kirish imkoniyatlari ortadi.
Yangi tartiblar davlat idoralariga bilimli va salohiyatli yosh kadrlarni jalb qilish, tanlov jarayonida yagona yondashuvni ta’minlash hamda ishga qabul qilish tizimini yanada adolatli tashkil etishni ko‘zda tutadi.































Izohlar 0
…