Kafedagi janjal 23 yoshli yigitning umriga zomin bo‘ldi

Farg‘ona shahridagi kafelardan birida mijozlar bilan kelib chiqqan janjal oqibatida 23 yoshli ofitsiant Abdurasul Ahmadjonov og‘ir tan jarohati olib vafot etdi. Marhumning onasi o‘g‘liga bir nechta shaxs hujum qilganini aytib, faqat bir kishiga nisbatan javobgarlik chorasi ko‘rilayotganidan noroziligini bildirdi. Voqea yuzasidan so‘roq qilingan guvohlar esa bir nechta shaxs hujum qilgani haqidagi da’volarni rad etdi.
23 yoshli Abdurasul Ahmadjonov asosiy ishidan so‘ng qo‘shimcha daromad topish maqsadida Farg‘ona shahridagi kafelardan birida ofitsiant sifatida faoliyat yuritardi. Joriy yilning 12 aprel kuni soat 21:10 lar atrofida u va kafega kelgan mijozlar o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.
Janjal oqibatida Abdurasul og‘ir tan jarohati olib, zudlik bilan shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, u keyinchalik vafot etgan.
Marhumning onasi ushbu ish bo‘yicha faqat bir kishiga nisbatan javobgarlik chorasi ko‘rilayotganidan norozi ekanini bildirib, Kun.uz nashriga murojaat qilgan. Uning aytishicha, o‘g‘liga bir emas, bir necha kishi hujum qilgan va uni tepib, og‘ir ahvolga solgan.
Biroq voqea yuzasidan so‘roq qilingan guvohlar bu da’volarni rad etgan. Hozirda hodisa bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tergov davom etmoqda va barcha tafsilotlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan huquqiy baho berilishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…