Qarshida 19 yoshli yigit profilaktika inspektorlari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda (video)

Qarshida 19 yoshli yigit profilaktika inspektorlari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida 19 yoshli yigit profilaktika inspektorlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar va videolar tarqaldi. Yigitning yaqinlari xodimlar uni ko‘chada to‘xtatib, kuch ishlatganini iddao qilmoqda.

Yigitning opasi so‘zlariga ko‘ra, ukasi ishga ketayotgan paytda ikki nafar profilaktika inspektori tomonidan to‘xtatilgan. Ularning yigitga uning tashqi ko‘rinishi shubhali ekani va «terrorchiga o‘xshashi»ni aytgani bildirilmoqda.

Opasining aytishicha, ukasi voqeani telefoniga tasvirga olmoqchi bo‘lganida, xodimlar unga nisbatan kuch ishlatgan. Yigit qo‘shnilar ko‘z o‘ngida bo‘g‘ilgani va keyin xizmat avtomobiliga majburan olib ketilgani ta’kidlangan.

Shuningdek, yigitning qo‘liga kishan solingani va undan tushuntirish xatiga imzo qo‘yish talab qilingani aytilmoqda. Yaqinlarining ma’lumotiga ko‘ra, hujjatda yigit xodimlarni haqorat qilgani hamda ularga qarshilik ko‘rsatgani qayd etilgan.

Tarqalgan kadrlarda 19 yoshli yigitning yuzida ko‘karishlar, boshi va burnida jarohatlar, orqa hamda yelka qismida zarba izlari ko‘ringani aytilmoqda. Shuningdek, sochlari yulingani haqida ham da’volar mavjud.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga tayanib xabar berilishicha, mazkur voqea bo‘yicha Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Hozircha voqeaning barcha tafsilotlari, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berilgani yoki yigitning jarohatlari qanday sharoitda yuzaga kelgani bo‘yicha rasmiy yakuniy xulosa e’lon qilinmagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar