Olmaliqda og‘ir YTHda oyoqlari uzilib ketgan qizning ahvoli haqida ma’lumot berildi

Avvalroq Olmaliq shahrida mototsikl 15 yoshli qizni urib yuborgani va oqibatda uning oyoqlari uzilib ketgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ayni paytda jabrlangan qiz shahar markaziy shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida davolanmoqda.
Habar berilishicha, bemor 14 may kuni tungi soat 23:30 atrofida shifoxonaga olib kelingan. Shifokorlar tomonidan zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, operatsiya vaqtida qizning chap oyog‘ining tizzadan past qismi olib tashlangan. O‘ng oyog‘i esa to‘piq qismigacha gips qilingan. Shuningdek, tanasidagi shilingan va jarohatlangan joylar tozalanib, birinchi tibbiy muolajalar amalga oshirilgan. Jarrohlikdan keyin bemor reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilib, unga qon quyilgan.
Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, hozirda qiz umumiy bo‘limga o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yo‘l-transport hodisasi joriy yilning 14 may kuni Olmaliq shahrida sodir bo‘lgan. Viloyat YHXB ma’lumotiga ko‘ra, taxminan soat 23:00 larda Amir Temur ko‘chasida 2003 yilda tug‘ilgan haydovchi S.F. mototsikl boshqarib ketayotgan vaqtda yo‘lning piyodalar uchun belgilanmagan qismidan o‘tayotgan 2011 yilda tug‘ilgan qizchani urib yuborgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!