Toshkentda iflos avtobus uchun uch nafar mexanik jarimaga tortildi

Toshkentda iflos avtobus uchun uch nafar mexanik jarimaga tortildi

Toshkentda 66-sonli avtobus salonining sanitariya holati talabga javob bermagani uchun uch nafar navbatchi mexanikning oylik maoshidan 10 foiz miqdorida jarima undirildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 13 oktyabr kuni Telegram'da “12-avtobus saroyi” filialiga qarashli 205-saroy raqamli avtobusning salon holati tanqid qilingan. Mazkur avtobus 66-sonli “Yo‘ldosh 17-mavzesi – Toshkent vokzali” yo‘nalishida harakatlanadi.

Murojaat o‘rganilganidan so‘ng avtobus yo‘nalishdan qaytgach, yuvish shoxobchasida to‘liq yuvilgan. Salonning ichki qismi ham maxsus tozalash vositalari yordamida sanitariya talablariga muvofiq tozalangan.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan navbatchi mexaniklar X. D., R. V. va O‘. A. bilan tushuntirish ishlari olib borilib, ulardan yozma izohlar olingan. Shundan keyin uch nafar xodimga nisbatan oylik ish haqining 10 foizi miqdorida jarima qo‘llangan.

“Toshshahartransxizmat” AJ avtobuslarning sanitariya holatini doimiy nazorat qilish, yo‘lovchilarga qulay xizmat ko‘rsatish va bunday holatlar takrorlanishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilishini bildirgan.

“12-avtobus saroyi” filiali yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘ragan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar