OTMlarda “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatish talab qilinmoqda: vazirlik holatni o‘rganmoqda

OTMlarda “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatish talab qilinmoqda: vazirlik holatni o‘rganmoqda

O‘zbekistondagi ayrim oliy ta’lim muassasalarida talabalardan “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatish so‘ralayotgani, bunga rozi bo‘lmaganlar esa darslarga kiritilmayotgani haqida murojaatlar tarqaldi.

Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti talabalaridan biri ilovani o‘rnatish hozircha majburiy qilinmagan bo‘lsa-da, ma’muriyat uni yuklab olishni so‘rayotganini bildirgan. Shuningdek, ilovani o‘rnatmagan talabalar ro‘yxati shakllantirilishi va ularga tanbeh berilishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar tarqalgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida esa ayrim talabalar kirish joyida ilovani o‘rnatishga majburlanayotgani aytilgan. Jarayon sabab ba’zi talabalar darsga kechikib, davomatga “NB” qo‘yilganini bildirishgan. Dars vaqtida ham mas’ullar auditoriyalarga kirib, ilovani o‘rnatmagan talabalardan o‘rnidan turishni talab qilayotgani haqida xabarlar bor.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi ham ikki haftadan buyon kirish joyida turli APK ilovalarini o‘rnatish taklif qilinayotganini ma’lum qilgan.

Talabalar ilovaning maqsadi va uni o‘rnatish zarurati yetarlicha tushuntirilmayotganidan norozi bo‘lmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Ta’lim va ilm-fan vazirligi munosabat bildirib, rahbariyat tomonidan vaziyatni tezkor o‘rganish bo‘yicha topshiriq berilganini ma’lum qildi. Ayni paytda ishchi guruh tekshiruvni boshlagan.

Vazirlik ta’lim jarayoni uzluksizligi va talabalarning ta’lim olish huquqi ta’minlanishi shartligini ta’kidladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar