Qo‘qonda mastlik ortidan janjal qotillik bilan yakunlandi: 66 yoshli erkak 13 yilga qamaldi

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida 66 yoshli erkak birga spirtli ichimlik iste’mol qilgan tanishini temir lom bilan urib o‘ldirdi. Sud hukmiga ko‘ra, u 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Bu haqda Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi bosh konsultanti Aziz Abidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 4 aprel kuni soat 18:00 atrofida sodir bo‘lgan. Shu kuni ikki tanish sudlanuvchining xonadonida birga spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Mastlik oqibatida ular o‘rtasida og‘zaki janjal kelib chiqqan. Janjal vaqtida jabrlanuvchi sudlanuvchining yuziga bir necha marta urgan.
Shundan so‘ng 66 yoshli erkak hovlidagi temir lomni olib, yashash xonasida uxlab yotgan tanishining yuzi, boshi va tanasining boshqa qismlariga bir necha bor zarba bergan. Olingan jarohatlar oqibatida jabrlanuvchi vafot etgan.
Mazkur jinoyat ishi Qo‘qon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilgan. Sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Sud to‘plangan dalillar asosida uning aybini tasdiqlagan.
Sud hukmi bilan erkak qasddan odam o‘ldirishda aybdor deb topilib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…