11:06 / 22.12.2017
7 350

Ish vaqtidan tashqari ishlagan xodimga qancha qo‘shimcha haq to‘lanadi?

Ish vaqtidan tashqari ishlagan xodimga qancha qo‘shimcha haq to‘lanadi?
Yakshanba kuni avtobekatdagi ikki kishining suhbati e’tiborimizni tortdi. Unga ko‘ra, ular ishlayotgan tashkilotda dam olish kunlari ham ishga chaqirish holatlari kuzatilar ekan. Kamiga, ish hajmi oshgan vaqtlarda ishdan kech ketish, ertasiga esa, yana vaqtida ishga kelish talab etilar ekan. Biroq, buning uchun ularga ishxona tomonidan qo‘shimcha haq to‘lanmaydi. Xo‘sh, tashkilot rahbari qanchalik haq?

Bugungi kunda muassasa va tashkilotlarda ish vaqti 8 soatni tashkil etadi. Ammo ish hajmi oshgan vaqtlarda fuqarolarning ishxonada qolib ketish holatlari kuzatilishi ham hech kimga sir emas. Mana shunday vaqtda ko‘pincha ishchi xodimlarning o‘z haq-huquqlarini bilmasliklari sababli, oylik maoshi borasida bir qator tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin. Aslida esa har bir xodimning huquqlari qonun asosida mustahkamlab qo‘yilgan.

Xususan, Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq, ish vaqtidan tashqari, shuningdek, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi lozim. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berilishicha, xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash, bu ish vaqtidan tashqari ish hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlar esa xodimning roziligi bilan qo‘llanishi mumkin, xolos. Ammo ish smenasining muddati 12 soatdan iborat bo‘lsa hamda mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli bo‘lsa, ish vaqtidan tashqari ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

2017 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, respublikamizda eng kam ish haqi oyiga 172240 so‘mni tashkil etadi. Oshgan oylik maosh hisobi bilan aytganda ham, bugungi kunda korxona va tashkilotlardagi o‘rtacha ish haqi taxminan 800-900 ming so‘m. Demak, oylik maoshi mazkur summani tashkil etuvchi xodimlar har kuni ish vaqtidan tashqari ishlarni amalga oshirgan taqdirlarida oyiga kamida 1,6-1,8 mln. so‘m ish haqi olishlari kerak bo‘ladi.

O‘z vazifangizni bajarib bo‘lib, korxona, tashkilotning qo‘shimcha ishi bilan band bo‘lsangiz yoki dam olish, bayram kunlari ham tinim bilmay ishlayotgan bo‘lsangiz, unda ish joyingizda qo‘shimcha ish haqi so‘rashingiz mumkin. Bu sizning huquqingiz.

Manba: xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ish vaqtidan tashqari ishlagan xodimga qancha qo‘shimcha haq to‘lanadi?