19:38 / 08.11.2018
2 561

Laziz Tangriyev: "Oqqo‘rg‘ondagi ariqqa tushgan olti nafar fermer haqida bironta ham gazeta yozmagan"

Laziz Tangriyev: "Oqqo‘rg‘ondagi ariqqa tushgan olti nafar fermer haqida bironta ham gazeta yozmagan"
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi direktori Laziz Tangriyev viloyat, tuman gazetalarida real ijtimoiy hayot aks etmayotganini aytdi.

“Misol uchun, Oqqo‘rg‘ondagi ariqqa tushgan olti nafar fermer haqida bironta ham gazeta yozmagan. Bu haqda deyarli barcha elektron nashrlar jar soldi. Gazetalar ulardan olib bosishi ham mumkin edi", – deydi u.

Ushbu fikrlar agentlikda OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan bosma nashrlarning bugungi ahvoli haqidagi seminar-treningda aytilgan.

Laziz Tangriyevning ta’kidlashicha, majburiy mehnat muammosi ham bironta gazetada ko‘tarilmayapti.

“Gazetalarning moddiy ahvoli og‘ir, 15 yildan buyon maosh olmay ishlab yurganlar ham bor. Ko‘pgina gazetalarda 30 yil avvalgi eskicha ishlash tizimi hukm surmoqda. Ularning tashqi dizaynida ham o‘zgarishlar sezilmaydi. Vazirlar mahkamasining qarorlari bilan to‘ldiriladigan nashrlar ham talaygina. Ko‘pgina gazetalar hukumat qaror va farmonlarining farqiga bormaydi. Birgina tuman nomi bir maqolada olti xil ko‘rinishda yozilganining guvohi bo‘ldim”, – deydi Laziz Tangriyev.

Seminarda, shuningdek, viloyatlarning tuman gazetalari yildan-yilga o‘quvchilarini yo‘qotib borayotgani, moliyaviy ahvoli yaxshi emasligi, obuna masalasi doimgidek muammo ekanligi, odamlar gazetalardan uzoqlashayotgani, gazetalar esa odamlarning asl muammolaridan yiroqlashib ketgani to‘g‘risida so‘z bordi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Laziz Tangriyev: "Oqqo‘rg‘ondagi ariqqa tushgan olti nafar fermer haqida bironta ham gazeta yozmagan"