20:52 / 22.11.2018
6 129

Zamonaviy issiqxona qurmoqchi bo‘lsangiz, yangi tartib va imtiyozlardan foydalaning

Zamonaviy issiqxona qurmoqchi bo‘lsangiz, yangi tartib va imtiyozlardan foydalaning
Aholi soni tobora o‘sib borishi oziq-ovqatga bo‘lgan talabni ham oshiraveradi. Bu tabiiy hol, albatta. Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 14,3 foiz aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilmayapti, 12 foizi surunkali ravishda ochlikdan aziyat chekadi va buning 827 millioni rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda oziq-ovqat taqchilligi hozircha xavf tug‘dirmayapti. Lekin aholi soni yiliga yarim milliondan ko‘payib borayotgan ekan, bu masala mamlakatimiz uchun ham dolzarb bo‘lib qolaveradi. Chunki nufus ortsa, ekin maydonlari ham kengayadi, degani emas.

Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Qanday choralarni ko‘rish lozim? Yagona yo‘l oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning yuqori samarali usullaridan foydalanishdir. Bunga amalda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash hamda modernizatsiyalash hisobiga erishiladi.

To‘g‘ri, bu borada yurtimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilinmoqda. Biroq sohani tubdan isloh etish katta miqdordagi mablag‘ni talab qiladi. Tabiiyki, ushbu jarayonda xorijiy tashkilotlar, jamg‘armalar va moliya institutlari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatish muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbarining “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarga jiddiy turtki beradi. Ya’ni qamrovi va hajmi jihatidan o‘ta yirik hisoblangan muhim loyiha ro‘yobga chiqariladi.

Loyihaning umumiy qiymati 84,8 million AQSh dollariga teng bo‘lib, mahalliy byudjet, kredit liniyalari va grant mablag‘lari hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan. 2018 — 2023 yillarda ro‘yobga chiqariladigan ushbu loyiha Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.

— Mazkur yo‘nalishda shu paytga qadar katta miqdorda mablag‘ ajratilmagan edi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Bahodir Rahmatullayev. — Qolaversa, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari bejiz tanlanmadi. Chunki vodiyliklar azal-azaldan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega. Bugun loyiha ushbu hududlarda sinov tariqasida start olayotgan bo‘lsa, kelajakda uning samarasiga qarab boshqa viloyatlarda ham tatbiq etiladi.

Loyiha doirasida birgina issiqxonalarni tashkil etishga salkam 15,5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu mo‘ljaldagi ishlar uchun ajratilayotgan ulushning eng katta qismini tashkil qiladi. Boisi issiqxonalar respublikamiz va xorij davlatlari bozorlari rastalarini qishin-yozin sarxil meva hamda sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlab turishning eng maqbul usulidir.

Ammo zamonaviy issiqxonalarni yaratishning o‘ziga xos murakkabliklari ham bor. Shundan bo‘lsa kerak, sohada hamon hal etilmagan muammolar mavjud. Masalan, issiqxonalar uchun mo‘ljallangan uskunalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan, ular hamon xorijdan olib kelinadi. Shu kabi qator muammolar issiqxona xo‘jaligini yuritish va uning salohiyatidan to‘laligicha foydalanish imkonini bermayotgan edi. Endi esa vaziyat tubdan o‘zgaradi.

Aynan shu yo‘nalishning rivojiga sharoit yaratib berish maqsadida Prezidentimiz “Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan issiqxonalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Davlat-xususiy sherikligida meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning butun zanjirini o‘z ichiga oluvchi klaster shaklini joriy qilish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish kabi vazifalar shular jumlasidandir.

Endilikda yoqilg‘i yoqish yo‘li bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona, muassasa va tashkilotlar ro‘yxati tuzib chiqiladi hamda ularga tutash hududlarda zamonaviy issiqxona komplekslari joylashtiriladi. Aniqlangan yer uchastkalari esa elektron savdolarga qo‘yib boriladi va unda tadbirkorning zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish bo‘yicha majburiyatlari ko‘rsatiladi.

2019 yilda mazkur yo‘nalishdagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy moliyaviy tashkilotlarning 200 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan hajmdagi mablag‘lari jalb qilinadi. Bundan tashqari, tadbirkorlar uchun preferensiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari ham belgilangan.

— Tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 105 ta zamonaviy issiqxona kompleksini tashkil etishga oid istiqbolli loyiha shakllantirildi, — deydi Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Sanjar Otajonov. — Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi to‘liq nazoratga olinib, bu borada tadbirkorlarga zarur yordamlar ko‘rsatiladi.

Yana bir yangilik: endilikda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini yetishtirish bo‘yicha urug‘chilik klasterlari ham tashkil etiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar yuqori sifatli bo‘lishi uchun 2019 yilning 1 sentyabriga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining sifatni nazorat qilish laboratoriyasi negizida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining nav, genetika va ekish sifat ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu sohani rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf qilishga yordam beradi.

Qaror bilan joriy etiladigan yangiliklar bisyor. Ilmiy loyihalarning respublika grant tanlovlarini o‘tkazish, Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligi axborot-maslahat markazini ishga tushirish va u yerda ilmiy ishlanmalarning ma’lumotlar bazasini yaratish, O‘simliklar milliy genofondini issiqxona majmualari uchun yaratilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining istiqbolli navlari bilan boyitish kabi tarmoq taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan tadbirlardan yana ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Qisqasi, yuqorida qayd etilgan tarixiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi jahon bozorini raqobatdosh oliy sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘ldirish, eksport hajmini keskin oshirish imkonini beradi.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi
materiallari asosida Rahim ShERQULOV tayyorladi

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zamonaviy issiqxona qurmoqchi bo‘lsangiz, yangi tartib va imtiyozlardan foydalaning