
2008-yillar. Internet forumlarida turli din vakillari o‘rtasida bahs-munozara kuchaygan paytlar. U paytlarda Feysbuk emas, forumda bahs yuritilardi. O‘zbek missionerlari bir tomondan, pravoslav va protestanlar ikkinchi tomondan avjida edi. Bahslar rusiyzabon forumlarda qizigandan-qizigandi.
Forumdagi pravoslav nasroniylar orasida Anna Kobulova juda mashhur edi. U o‘zining zukkoligi, tirishqoqligi, dunyoqarashi va diniy ilmi bilan boshqalardan yaqqol ajralib turardi. U nasroniylarning “farzin”i edi. Chunki uncha-muncha musulmonlarni qiynab qo‘yardi.
Odatda bahslarda kuchsiz tomon doim kishining shaxsiyatiga o‘tishga urinadi. Munozaralarda ham nasroniylar ko‘p hollarda musulmonlarni provokatsiya qiladi, “pedofil”, “izvrashenes”, “terrorist” kabi so‘zlar bilan masxaralaydi. Bahsda yutqizishni boshlasa, shunchaki blok qilib qo‘yardi.
Bir kuni shunday bahslardan birida bir musulmon Anna Kobulovani mazax qilib, so‘kdi.
O‘shanda Anna Kobulova musulmonga tanbeh berdi: “Sen sunnatga amal qilmayapsan, payg‘ambaringga munosib ish qilmayapsan”.
* * *
Bu ishlar keyin unutilib ketdi. 2013-yillarda Anna Kobulovaning allaqachon islomni qabul qilganini eshitdim. Bu haqda Anna shunday deydi:
“Internetdagi forumlarda qatnashishni boshlaganimdan keyin musulmon tanishlarim ko‘payib qoldi. Men ular bilan yaqindan suhbatlasha boshladim, o‘zaro yozishdim, ularning ko‘pchiligi hozirgacha yaqin do‘stlarim. Albatta, ular meni turli yo‘llar bilan islomning haqligiga ishontirishga urinar edi. Dalillar keltirishar, mantiqiy savollar berishardi.
Ammo menga ularning dalillari bilan bir qatorda tarbiyalari ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ular juda ochiq ko‘ngilli, pok, xolis insonlar bo‘lib, menga xuddi yaqin do‘stidek doimo yaxshi munosabatda bo‘ldi. Mening muammolarimni eshitib, doim dastak berishga oshiqishar, hech bo‘lmaganda menga hamdard bo‘lishardi. Meni hayratlartirgani musulmonlarning ko‘pchiligi yaxshi inson ekanligi edi.
Ular odatiy ta’riflardagidek qo‘pol, qattiqqo‘l, faqat o‘zini o‘ylaydigan kishilarga o‘xshamasdi. Albatta, qo‘rs odamlar ham ko‘p edi, ammo nisbatan ularning soni kam edi”.
* * *
Musulmonning xulqidan yaxshiroq amri ma’ruf yo‘q bo‘lsa kerak, chamamda. Ijtimoiy tarmoqdagi bahslarda musulmonlarning nafaqat g‘ayridinlarga, balki musulmonlarning o‘ziga ham qo‘rs, qo‘pol va betgachoparligini ko‘rib, Anna Kobulovani eslayman.
Yana bir qancha kishilarni bilamanki, o‘zi musulmon bo‘lmasa ham, musulmonlarning tarbiyasi tufayli islomdan yanada uzoqlashib ketmoqda.
Anna Kobulovaning baxtiga uni ko‘proq yaxshi musulmonlar o‘ragan bo‘lsa, hozirgi dindan uzoqlarni qanday musulmonlar o‘rab turibdi?..
Siz qanday musulmonsiz? Odamlarni dinga moyil qiladiganmi yoki undan uzoqlashtiradiganmi?..
Balki sizni oramizdagi Anna Kobulovalar qiziqtirmas, balki siz maydalashmay Abror akani yoki Musannif akani mot qilish kabi ulkan vazifalar payida, yoki din himoyasiga o‘zingizni mas’ul qilib, o‘nlab, balki yuzlab Annalarni ranjitib, qo‘rs gapingiz, so‘zingiz bilan dindan uzoqlashtirib yurgandirsiz?..
* * *
Abasa surasi 1-4 oyatlar:
“Aftini burishtirdi va yuz o‘girdi. Ko‘zi ko‘r kishi huzuriga kelganda. Qayerdan bilasan, ehtimol, u poklanar. Yoki nasihat olar va mav’iza unga manfaat berar”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurayshning kazo-kazolari bilan mashg‘ul bo‘lib turganlarida, bir ko‘r kishi kelib, u zotga murojaat qilganida, Payg‘ambar alayhissalom yuzlarini burishtirib, yuz o‘giradilar. Shunda Alloh taolo u zotni ogohlantiradi: “Qayerdan bilasan, ehtimol, u poklanar. Yoki nasihat olar va mav’iza unga manfaat berar?!”
Anna Kobulovaga qo‘pol gapirgan musulmon (men uni taniyman) kibrga ketgandir, o‘zining musulmonligidan o‘zini Allohga yaqin xis qilgandir, balki johillik qilgandir, bilmayman. Ammo u bilmaydiki, agar oyatga va sunnatga amal qilganida, ehtimol yuzlab Annalar poklanardi.
* * *
Quyida Anna Kobulovaning poklangandan keyingi biografiyasini keltiraman.
Anna 2009 yilda uzoq izlanishlardan keyin islomni qabul qiladi (men uni keyin bildim). Keyin Darul-Fikr sayti uchun ingliz tilidagi maqolalarni tarjima qilib bordi va o‘zi ham islom haqida maqolalar yozishni boshladi.
2010-2011 yillarda Moskvadagi tarixiy masjid qoshidagi madrasada ta’lim oldi. Bir necha yil davomida tajvid, aqida va fiqh bilimlaridan ta’lim oldi.
2012-2014 yillarda arab tilini o‘rgandi.
2014-2016 yillarda tatar tilini o‘rgandi.
2011-2013 yillarda Islam-today.ru saytida muharrir bo‘lib ishladi.
2013 yildan An-Nisa (annisa-today.ru) loyihasida muallif, tarjimon va muharrir bo‘lib ishlab kelmoqda.
VKontakte tarmog‘idagi «Jenshina v Islame» guruhining administratori.
2015 yildan boshlab Azan.kz (Azan.kz) sayti bilan hamkorlik qiladi. Tarjima, tahrir va maqolalar yozish bilan mashg‘ul.
2016 yilda Rossiya islom institutining islom jurnalistikasi fakultetiga o‘qishga kiradi.
* * *
“Qayerdan bilasan, ehtimol, u poklanar. Yoki nasihat olar va mav’iza unga manfaat berar”?!
* * *
Qizig‘i, unga qo‘pol gapirgan musulmon (zohiran) haligacha o‘zgargani yo‘q.
* * *
Nafaqat g‘ayridinlar, musulmonlarning o‘ziga ham din nomidan qo‘rslik qilayotgan “rijol”larimizni ko‘rsam, quyidagi oyat esimga tushadi:
“Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida odamlarning imon keltirib yig‘ilganiga sabab u zotning Abu Lahabni mazah qilganlari, Abu Jahlni lan’atlaganlari, ertayu kech Qurayshning kazo-kazolarini so‘kkanlari, xatokor musulmonlarga tanbeh berib, joyiga o‘tkazib qo‘yganlari emas, balki muloyim bo‘lganlari edi. Buni Allohning o‘zi e’tirof etmoqda.
Siz-chi, oyatga va sunnatga amal qilasizmi?
Said Komil
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar