13:55 / 09.04.2020
4 239

“Eshak hangrasa, namoz buziladi” deydiganlarga nasihat

“Eshak hangrasa, namoz buziladi” deydiganlarga nasihat
Bir kishi bir masjidga kirsa imom odamlarga ma’ruza qilib turgan ekan, bu odam kirishi bilan eshitgan gapi imom jamoatga karab: “Namozxon eshak hangraganini eshitsa, namozi buziladi, namozini qayta o‘qiydi”, degan so‘z bo‘libdi. Ishonmay desa, imom taqvoli olim kishi, ishonay desa shuncha paytdan beri bu gapni hech kimdan eshitmagan.

Imomning o‘zidan so‘rashga botinmay qishlog‘iga ketibdi. Qishloq masjidida o‘tirishganda, “birodarlar, falon masjidda g‘aroyib bir gap eshitdim, falonchi domla ma’ruza qilayotgan ekanlar, “eshak hangraganini eshitsa namoz buziladi, namozini qayta o‘qiydi” deb aytdilar”, deb imomdan eshitganni aytibdi.

Hammalari qayg‘uga tushib qolishibdi: eshak hangrasa namoz buzilsa, bizni qishloqda eshaksiz uy bo‘lmasa, shuncha yildan beri namoz o‘qiganimizda necha marta xo‘roz qichqirib eshak hangragan, shuncha yillik ibodatimiz bekor ketdimi, deb hasratga botishibdi. Toqatlari toq bo‘lib, ko‘ngillari to‘lmay shu masalada haligi imomning oldiga borishibdi. Imom ularni hujrasiga taklif qilibdi.

– Hazrat, – deb gap boshlabdi kelganlarning ulug‘i, – eshak hangraganini eshitsa, namoz buziladimi?
– Yo‘q, kim aytdi sizlarga, – debdi imom.

Haligi gapni qolganlarga aytib bergan kishi:
– O‘tgan kuni masjidingizga namozga kirganimda aytdingiz-ku, eshak hangraganini eshitsa namoz buziladi, namozini qayta o‘qish kerak deb...
– Ha, gap bu yoqda deng. Siz ma’ruzani boshidan eshitdingizmi? – deb so‘rabdi imom.
– Yo‘q taqsir, oxirrog‘ida keldim.

– Unda siz gapning boshini eshitmabsiz, men tayammum haqida gapirgan edim. Agar bir kishi sahroda ketayotgan bo‘lsa, suvi xaltasida bo‘lsa-yu, xalta eshagida yuklangan bo‘lsa, shu payt eshagi qochib ketsa, boshqa yerdan ham tahoratga suv topilmasa, namoz vaqti kirib qolsa, tayammum qilib namoz o‘qiydi. Agar namoz o‘qib turganda eshagini hangraganini eshitsa, namozi buziladi, chunki eshakni hangrashi suvning qaytib kelganini bildiradi, suvini olib tahorat qilib, namozini qayta o‘qiydi, degan ma’noda aytgandim...

Qissadan hissa shuki, gapning mohiyatini, ma’nosini tushunmay, boshi va oxirini eshitmay, nima haqidaligini bilmasdan qaror qabul qilish, shoshqaloqlik qilish durust emas. Bu ham o‘ziga ham o‘zgalarga zarar va qayg‘u keltiradi. O‘zingiz yaxshi tushunmagan narsani birovga aytishga shoshilmang.

Biror masalada, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yilayotgan har xil postlarda ko‘rgan va o‘qigan hamda eshitgan har bir ma’lumotni to‘liq tushunishga, uni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilishga, birovlarga yetkazishdan oldin shu gap durust yoki yo‘qligiga amin bo‘lib keyin yetkazishga odatlanish kerakligini unutmang...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Eshak hangrasa, namoz buziladi” deydiganlarga nasihat