00:29 / 27.06.2020
3 016

«Bizning asosiy xatoimiz – pulning qadriga yetmasligimiz!» – Shavkat Mirziyoyev

«Bizning asosiy xatoimiz – pulning qadriga yetmasligimiz!» – Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi «Yuksalish» kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

117 gektar maydonni egallagan mazkur sanoat majmuasida qurilish materiallari, mashinasozlik va metallga ishlov berish, elektrotexnika, to‘qimachilik va tikuvchilik kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 1 trillion 208 milliard so‘mlik 95ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunga qadar 66,9 milliard so‘mlik 32 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, 311,1 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvatiga erishildi. Mazkur loyihalar to‘liq ishga tushsa, 7 ming 300ta ish o‘rni yaratilib, yiliga 7,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi.

Hozirgi kunda kichik sanoat zonasida shifer, po‘latdan choksiz truba, metall mahsulotlarini qayta ishlash, suv nasoslari va elektr dvigatellar, momiq sochiq, yirik suv sig‘imlari hamda plastik quvurlar va qismlar, paypoq va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Davlatimiz rahbariga «Yuksalish» kichik sanoat zonasida «Flat Tile» mas’uliyati cheklangan jamiyatning kafel-keramika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim etildi. Qiymati 125 milliard so‘mga teng loyihaga tashabbuskorlar jamg‘armasidan 73 milliard so‘m va 52 milliard so‘m bank krediti sarflanadi.

Yiliga 35 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladigan loyiha bosqichma-bosqich 2021 yilning II choragida ishga tushiriladi va 410 ta ish o‘rni yaratiladi, shuningdek, yiliga 15,3 million dollarga teng eksport qilish ko‘zda tutilgan.

- O‘zbekistonimizdek foydali qazilmaga boy zamin kamdan kam, - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. - O‘zimizda shunday yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun g‘oyat keng imkoniyatlar, tabiiy resurslar bo‘la turib, ularni import qilardik. Nega? Chunki zamonaviy geologik tadqiqotlar, ekspeditsiyalar qilmasdik, ilm-fan orqali masalalarga yondashmasdik. Endi xomashyodan to‘g‘ri, unumli foydalanish, undan bugungi kun talablariga javob beradigan tovarlar ishlab chiqarish uchun ilmiy asoslangan yechimlar topish vaqti keldi!

Prezident kichik sanoat zonasi hududidagi erkaklar kostyumi, kurtka va palto ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Zamin kiyim sanoat» korxonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Qiymati 24 milliard so‘mga teng loyihaga ko‘ra yiliga 10 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va 300 ming dollar miqdoridagi mahsulotlar eksportga chiqariladi. 300 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari kichik sanoat zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan qator korxonalar mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Namangan viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyati, shuningdek, hududda 2020-2021 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshiriladigan ishlar, o‘zini o‘zi band qilish yuzasidan batafsil taqdimotlar o‘tkazildi.

- Bu kechagi Namangan emas. Juda qisqa fursat ichida 55 ming ish o‘rni yaratish, 13 trillion so‘mlik loyihalar ishlab chiqish – ushbu hudud tarixida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar olib kelishi aniq, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga muhokama qilingan har bir mavzu bo‘yicha chuqur tahlil asosida ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.

- Bizning asosiy xatoimiz – pulning qadriga yetmasligimiz! Davlat tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, infrastrukturani rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun ajratilayotgan mablag‘larning har bir so‘mini joyini bilib ishlatishimiz kerak! Mahsulot ishlab chiqarishda tannarxni kamaytirish, jumladan, transportirovka xarajatlarini tushirish uchun tinmay izlanishimiz lozim. Har bir masalada ilmiy, innovatsion yondashuvlar qo‘llashimiz zarur, deb ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Kichik sanoat zonasi hududidagi 100dan ortiq korxonalar faoliyati ko‘zdan kechirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bizning asosiy xatoimiz – pulning qadriga yetmasligimiz!» – Shavkat Mirziyoyev