17:25 / 14.07.2020
3 970

Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi sud raislari xizmat avtolariga bog‘liq holatlar yuzasidan munosabat bildirdi

Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi sud raislari xizmat avtolariga bog‘liq holatlar yuzasidan munosabat bildirdi
12 iyul kuni internetda Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida JIB tuman sudi raisi hamda tuman ma’muriy sudining raisiga Jarqo‘rg‘on shahriga kiraverishdagi blokpostda shaxsan tuman hokimi va tuman IIB boshlig‘i harakatlanishga monelik qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Voqea joyida bevosita ishchi guruhiga rahbarlik qilgan Jarqo‘rg‘on tumani hokimi Z.Davlatov, tuman IIB boshlig‘i B.Xidirov va uning o‘rinbosari Sh.Azizberdiyev hamda boshqa aloqador xodimlarga nisbatan sud xodimiga qasddan yengil tan jarohati yetkazish, sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirish, sudyaning xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzish va boshqa holatlarga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Surxondaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgani ma’lum qilingan edi.

Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati JIB tuman sudi raisining xizmat mashinasi harakati bilan bog‘liq holatga rasmiy munosabat bildirdi.

«2020 yil 10 iyul kuni Jarqo‘rg‘on tuman Ma’muriy sudi raisining «Neksiya-3» rusumdagi 307 VAA davlat raqamli xizmat mashinasi «Yangiobod» mahallasi, Maxtumquli ko‘chasi, M-41 xalqaro «Termiz-Dushanbe» yo‘liga qo‘yilgan blokpostga ushbu yo‘lning Jarqo‘rg‘on markazidan chiqish yo‘nalishi bo‘yicha qarama-qarshi yo‘nalishda, yo‘l qoidasini buzgan holda, navbatsiz o‘tib ketish uchun avtomashinani boshqarib kelgan (Tuman hokimligi holat aks etgan videoni taqdim etgan).

Natijada, tuman markazidan chiquvchi va xalqaro yuk tashuvchi avtotransportlar yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Blokpostda turgan mas’ul ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari tuman Ma’muriy sudi raisi xizmat avtomashinasining haydovchisiga tushuntirish bergan, ya’ni qarama-qarshi yo‘nalish bo‘yicha tirbandlik yuzaga kelganligini ta’kidlab, yo‘lni bo‘shatishini talab qilgan. Ammo, ushbu xizmat mashinasi haydovchisi va avtomashina ichida bo‘lgan sud raisi bu talabga bo‘ysunmagan.

Shu vaqtda tuman hokimi Z.Davlatov, tuman IIB boshlig‘i hamda tuman prokurori bilan birga ushbu hududga karantin holatini o‘rganish bo‘yicha blokpostga kelishgan. Blokpostdagi mas’ul xizmatchilar tuman Ma’muriy sudi raisining xizmat avtomashinasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha tuman hokimiga murojaat qilishgan. Shundan keyin tuman hokimi va IIB boshlig‘i borib tushuntirish bergandan so‘ng, Ma’muriy sud raisi xatosini tushunib, orqaga ketdi.

Ikkinchi holat ham tuman Jinoyat sudi raisining xizmat avtomashinasi ishtirokida sodir etilgan. Bunda ham tuman Jinoyat sudi raisining xizmat avtomashinasi haydovchisi blokpost xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmagan.

Natijada, blokpost hududida 15-20 daqiqa tirbandlik yuzaga kelib, shahardan chiqayotgan avtotransport vositalari harakati to‘xtab qolgan. Xizmat avtomashinasi ichida tuman Jinoyat sudi raisi bo‘lmagan. Faqat ushbu xizmat avtomashinasi haydovchisi qonuniy talablarga bo‘ysunmay, yo‘l harakatida tirbandlikni vujudga keltirgan. Shu vaqtda tuman sudi raisi o‘z ishxonasida bo‘lgan (buni tuman Jinoyat sudi raisi tasdiqlagan).

Qonuniy talabga bo‘ysunmagan haydovchi blokpost mas’ullari tomonidan holatga aniqlik kiritish uchun tuman IIBga olib borilgan. Mazkur holat davomida xizmat avtomashinasi haydovchisiga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan hech qanday kuch ishlatilmagan. Tazyiq va kaltaklash holatlari yuz bermagan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu ikkinchi holat sodir etilgan vaqtda tuman hokimi va sektor rahbarlari voqea joyiga yaqin manzilda fuqarolar bilan ularning murojaatlari bo‘yicha muloqot olib borishayotgan bo‘lgan.

Sud raisi xizmat avtomashinasining blokpostdan o‘z navbatida o‘tib ketishiga hech bir mas’ul xodim to‘sqinlik qilmagan. Faqat qonuniy tartibda, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanishi zarurligi, aks holda qarama-qarshi yo‘nalishda tirbandlik vujudga kelishi mumkinligi tushuntirilgan.

Shuni ta’kidlash joiz: har ikki holatda ham tuman sudi raislari xizmat avtomashinasining blokpost orqali o‘tishiga hech kim to‘sqinlik qilmagan. Bu borada blokpost xizmatchilari hamda voqeaning xolis guvohlarining tushuntirish xatlari va videomurojaatlari mavjud. Ularda har bir fuqaro xolisona munosabat bildirgan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganish olib borilayotir va yakuniy xulosa Qonun doirasida adolatli berilishiga ishonchimiz komil», deyiladi tuman hokimligi munosabatida.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilayotgani, tekshirish jarayoni Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingani haqida ma’lum qilgan edi.

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi sud raislari xizmat avtolariga bog‘liq holatlar yuzasidan munosabat bildirdi