11:50 / 19.07.2020
2 562

Farg‘onalik vrach: 70 kun shifoxonada mijja qoqmadik

Farg‘onalik vrach: 70 kun shifoxonada mijja qoqmadik
Foto: O‘zA
Koronavirus pandemiyasi butun dunyo ahliga salomatlik bebaho boylik ekanligini yana bir bor yodga soldi. Uni oddiy kasallik emasligini yurtdoshlarimiz tushunib yetyapti. Mamlakatimizda virusni jilovlash borasida ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.

Infeksiyadan tuzalib, shifo topganlarning soni ko‘payib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da ba’zida o‘lim holatlari ham kuzatilyapti. Shu bois uyda qolish orqali o‘z sog‘ligimizni asrash o‘ta muhim.

Bugun tunu kun virus bilan kurashayotgan shifokorlarning mehnatini barchamiz ko‘rib turibmiz. Ayni paytda o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda kasallik va kasallanganlar orasida turib, mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining har bir kuni qahramonlik, haqiqiy fidoyilik namunasidir.

Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh vrachi Sultonali Boyigitov bilan O‘zA muxbiri suhbatda bo‘ldi.

– Shifoxona 140 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 290 nafar tibbiyot xodimlari mehnat qiladi, – deydi S.Boyigitov. – Joriy yilning 22 mart kunidan karantin e’lon qilinib koronavirus bilan og‘rigan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatila boshlandi. 33 yoshli ayol Turkiya davlatidan kelgan ilk bemor bo‘ldi. Butun jamoa xodimlariga to‘liq instruktaj o‘tkazilib bemorlarni davolashga kirishildi. Uxan shahrida kasallik aniqlangan kundan boshlab, shifoxonamiz kerakli shaxsiy himoya kiyimlari, dori-darmonlar, oziq-ovqat zaxirasi bilan ta’minlandi. Shu bois bizga qiyinchilik tug‘ilmadi.

Viloyatda 157 nafar bemorlarni milliy davolash qo‘llanmasi asosida tekshirish, davolash ishlari olib borilib, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi. Bemorlarga 4 mahal issiq ovqat yetkazib berildi. Ayniqsa, Prezidentimiz koronavirus bo‘yicha har bir murojaatida bizning mehnatimizni e’tirof etgani kuch quvvat bag‘ishladi. 14 kunlik ish kuniga qo‘shimcha rag‘batlantirish pullari berilishi ham aslida yaxshi qo‘llov bo‘ldi.

– Virus qaysi bemorlarda og‘ir kechdi? Unda nimalar kuzatildi?
- Albatta, har bir bemor doimo nazoratimizda bo‘lib, zarur davolash muolajalarini standartlar asosida olib bordik. Surunkali kasalligi borlarda holat og‘ir kechdi. Nafas va yurak yetishmovchiligi kuchaygan bemor sun’iy nafas olish apparatiga olindi. Toshkentlik va xitoylik mutaxassislar bilan onlayn maslahat olindi. Afsuski, bir nafar bemor ayolda kasallik og‘ir kechib, o‘lim holati kuzatildi. Bir nafar bemorda koronavirus tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa-da, davolash jarayoni uzoq davom etdi. Xitoylik mutaxassislar bilan onlayn muloqotimizda ularda ham shunday holat kuzatilib, 50 kundan ortiq davom etganligini aytishdi. Bu yerdagi 90 foizdan ortiq bemorlarda kasallik deyarli yengil kechdi.

– Jamoadagi shifokorlarning kayfiyati qanday? Kasallikni yuqtirib olishmadimi?
– Shifoxonada odam shunchaki yotmaydi, kasalligiga shifo topishni istaydi. Ayniqsa, bizning yuqumli kasalliklar shifoxonasida. Bu yerda tajribali vrach va tibbiyot xodimlari juda ko‘p. Asosiysi, ular sarosimaga tushishmadi. Bor mehrini, kuch-g‘ayratini bemorlarga bag‘ishlay oldi. Oilasidan bir necha kunlar ajralgan holda tunu kun mehnat qildi. Hatto mijja qoqmagan kunlar bo‘ldi. O‘zim 70 kun uyga bormadim, uydagilar bilan telefonda gaplashib turdim. Boshqalar ham shunday. Ular yonida ko‘rinmas yov turganligini yaxshi bilishardi. Kasbiga sadoqat ko‘rsata olishdi.

O‘ktamjon Homidjonov, Tursunali Mamajonov, Furqatjon Dadaboyev, Sayyodjon Mamasidiqov, Halimaxon Zaynalova, Ahrorjon Jakbarov, Ulug‘bek Sultonov, Elyor Abdukarimov, Mashhura Boltaboyeva, Umida G‘ofurova kabi shifokorlarimizning mehnati tahsinga loyiq. Hamshiralar, kichik tibbiyot xodimlari chinakam fidoiylik ko‘rsatishdi. Jamoamizdagi har bir xodim belgilangan talablarga qat’iy amal qilishdi. Shu bois ish jarayonida virusni yuqtirib olish holati kuzatilmadi.

Darddan forig‘ bo‘lgan bemorlarning dil so‘zlarini eshitish bizlarga katta dalda bo‘ldi desam yanglishmayman. Viloyat hokimligi har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, dori-darmon va oziq-ovqat ta’minotida muammo bo‘lmadi. Ayniqsa, shifoxonamizda barcha bemorlar to‘liq sog‘aygandagi jamoamizning xursandchiligini aytmaysizmi...Tez kunlarda infeksiyaning zanjirini uzib, barcha bemorlar tuzalishiga ishonamiz. Faqat bu o‘zimizga bog‘liq, sog‘lik uchun hech qachon befarq bo‘lmang.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onalik vrach: 70 kun shifoxonada mijja qoqmadik