10:23 / 03.09.2020
1 285

Angliya yuqori sudi o‘zbek paxtasini Yevropa ittifoqiga eksport qilishga qarshi da’voni rad etdi

Angliya yuqori sudi o‘zbek paxtasini Yevropa ittifoqiga eksport qilishga qarshi da’voni rad etdi
Angliya yuqori sudi o‘zbek paxtasini Buyuk Britaniya va Yevropa ittifoqiga eksport qilishga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan xalqaro savdo bilan bog‘liq masalani sud tartibida qayta ko‘rib chiqish haqidagi 2019 yildagi da’voni rad etdi.

«O‘zpaxtasanoat» xabariga ko‘ra, sudya Jeyms Xolmenning 2020 yil 23 iyuldagi qarori texnik sabablarga asoslanadi va O‘zbekistonda majburiy mehnat mavjudligi borasida biror bir ajrimni nazarda tutmaydi. Buning o‘rniga Germaniyada joylashgan nohukumat tashkilot tomonidan Buyuk Britaniya hukumatiga qarshi kiritilgan da’voni sud muayyan huquqiy asoslarga ko‘ra, jumladan, da’vogarda yetarlicha asoslar mavjud emasligi, da’voning akademik va eskirgan xarakterga egaligi bois rad etdi.

Da’vogarga 10 000 funt sterling miqdorida sud xarajatlarini to‘lash majburiyati yuklandi va da’vogar mazkur qaror ustidan shikoyat qilmadi, deyiladi xabarda.

Paxta mahsulotlarini ishlab chiqarishga mas’ul bo‘lgan «O‘zpaxtasanoat» AJ sud ishiga manfaatdor tomon sifatida qo‘shildi va da’voning mazmuni bo‘yicha yozma materiallar taqdim etdi.

«O‘zpaxtasanoat» vakili quyidagilarni ma’lum qildi: «Angliya sudi da’voni rad etganidan mamnunmiz. Ushbu qaror texnik sabablarga asoslangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston jamiyat hayotining barcha jabhalarida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda va ilg‘or tajribalarni barcha sohalarga tatbiq qilishga harakat qilmoqda.

Iqtisodiyotimiz izchil o‘sish ko‘rsatkichlarini qayd etmoqda va xorijiy investitsiyalar oqimining ortishi kuzatilmoqda, ushbu qaror esa xalqimizning hayot darajasini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini mas’uliyat bilan ishlab chiqarishga hissa qo‘shayotgan millionlab fermer va mehnatkashlarning daromadini saqlab qolishga yordam beradi.

O‘zbekiston hukumati nafaqat majburiy mehnatni batamom tugatishga bel bog‘lagan, balki ushbu illat qonun bilan ta’qiqlanib, unga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan. Shu kabi qonunbuzarlik uchun qat’iy javobgarlik, jumladan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo belgilangan. Mamlakatimizda ushbu salbiy amaliyotning barcha ko‘rinishlarini bartaraf qilish uchun targ‘ibot ishlari olib borilmoqda va shu kabi huquqbuzarliklarni aniqlash uchun ishonch telefonlari tashkil etilgan.

Hozirda o‘zbek tomoni xalqaro kuzatuvchilar bilan mas’uliyatli yetkazib berish haqida shartnoma loyihasi ustida ishlamoqda, ushbu bitimlar kelajakda o‘zbek paxtasi har qanday ko‘rinishdagi majburiy mehnat unsurlaridan holi tarzda ishlab chiqarilishining kafolatlarini mustahkamlaydi».
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)