17:20 / 12.09.2020
2 728

«Chiroqchi voqeasi» aybdorlarining advokatlari sud jarayoni haqida gapirdi

«Chiroqchi voqeasi» aybdorlarining advokatlari sud jarayoni haqida gapirdi
Chapdan: Dilshod Yusupov, Otabek Toshturdiyev
Foto: «Daryo»

«Chiroqchi voqeasi» aybdorlarini himoya qilayotgan advokatlar — Otabek Toshturdiyev hamda Dilshod Yusupovlar «Daryo» muxbiri bilan suhbatlashib, ishni o‘rganayotgan sudning qanchalik adolatli o‘tayotgani haqida gapirdi.

«Sud shaffof o‘tmoqda, — dedi sudlanuvchi Anvar Jonqobilovning advokati Otabek Toshturdiyev. — Sud tergovi davomida himoyam ostidagi Anvar Jonqobilov hamda jabrlanuvchilar so‘roq qilinganida ularning har bir gapi diqqat bilan eshitildi. Shuningdek, jabrlanuvchilar sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini aytgach, sud buni alohida qayd etib bormoqda. Qolaversa, sud tortishuv prinsipi asosida o‘tmoqda. O‘rni kelganda qizishish holatlari ham bo‘lyapti. Aynan qizishish holatlarida sud hech kimga tanbeh bermadi. Prokuror yoki biz ko‘p gapirib yuborganimizda ‘noto‘g‘ri gapiryapsiz’ deb hech kimning og‘zi yopilmadi. Biz talab qilayotgan adolatli iltimosnomalar ham qanoatlantirilmoqda. Bu oshkoralik va shaffoflikning yorqin namunasidir».

Advokat Otabek Toshturdiyev sudning shaffof o‘tayotgani adolatli hukm chiqarilishiga zamin hozirlayotganini bildirdi.

«Bugungi kunga kelib sud tergovi yakunlandi. Endilikda oldimizda muzokara jarayoni turibdi. Muzokarada biz sud ishida keltirilgan dalillarni keltirib, o‘z fikrimizni bayon qilamiz va suddan adolatli hukm chiqarishni so‘rab qolamiz. Yigitlar yaxshi tomonga o‘zgaradi deb o‘ylayman», — deydi Anvar Jonqobilovning himoyachisi.

«Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan Nurbek Ovlayevning himoyachisi Dilshod Yusupov ham sudning adolatli hukm chiqarishiga ishonishini ma’lum qildi.

«Sud tergoviga e’tirozimiz yo‘q. E’tiroz bildirishga o‘rin ham qolmadi. Boisi sud sudlanuvchilarni ham, jabrlanuvchi-yu guvohlarni ham birdek eshitdi. Sud, shuningdek, marhum Yusuf Abdurahmonovning qonuniy vakili, turmush o‘rtog‘ining sudlanuvchilarga da’vosi yo‘qligini ham qayd etib qo‘ydi. Demakki, sud insonparvarlik tamoyillariga amal qilgan holda adolatli hukm chiqaradi», — dedi Dilshod Yusupov.

Eslatib o‘tamiz, «Chiroqchi voqeasi» bo‘yicha besh nafar IIB xodimi sudlanuvchi sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, ayni kunda N. Ovlayev hamda A.Jonqobilovlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Sh.Rahmonov, A.Tojinorov va B. G‘ayratovlar garov evaziga ochiqda qoldirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Chiroqchi voqeasi» aybdorlarining advokatlari sud jarayoni haqida gapirdi