10:30 / 14.09.2020
1 517

OAV: Gulnora Karimovaning hisob raqamidagi 131 mln dollar O‘zbekistonga qaytariladi

OAV: Gulnora Karimovaning hisob raqamidagi 131 mln dollar O‘zbekistonga qaytariladi
Foto: MNews
Shveysariya hukumati Gulnora Karimovaga taalluqli 131 million dollarni ma’lum shartlar bilan O‘zbekistonga qaytarishga rozilik berdi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.

Shveysariya hukumati 2012 yilda Gulnora Karimovaga taalluqli bo‘lgan hisob-raqamlardagi mablag‘lardan 131 million dollarga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishga rozilik bergan. Ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan kelishuvda bu haqda so‘z boradi.

Shveysariya hukumati bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston qaytarilgan aktivlarni aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, barqaror rivojlanish loyihalariga sarflashi kerak. Bundan tashqari, ushbu mablag‘lar xarajati ustidan shaffof monitoring o‘rnatilishi lozim.

«Gulnora Karimovaga taalluqli yana 715 million dollarlik mablag‘ muzlatib qo‘yilgan. Hozircha bu mablag‘lar Karimovaga nisbatan jinoiy ish ketayotganligi uchun ushlab turiladi. Mabodo ushbu mablag‘lar berilgan taqdirda ham yuqoridagi shartlar asosidagina O‘zbekistonga qaytariladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni 2020 yil 18 mart kuni nihoyasiga yetgan bo‘lib, u 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Oldin ko‘rilgan jinoiy ishlar, shuningdek, so‘nggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trillion so‘m va 165 million dollarni tashkil etgan.

Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 2020 yilning 14 may kuni Fransiyadan 10 million AQSH dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgandi.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura Shveysariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilgan holda Gulnora Karimovaning Jeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san’at ashyolari (kartinalar, amaliy san’at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilayotganini bildirgan.

Iyun oyida esa Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlar davom etayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)