16:27 / 31.10.2020
880

Strategik maqsad: ta’lim-tarbiya sohasini keskin o‘zgarishlar kutmoqda

Strategik maqsad: ta’lim-tarbiya sohasini keskin o‘zgarishlar kutmoqda
Bugun zamonning shiddatkor to‘lqinlariga bardoshli bo‘lishning, rivojlanish va taraqqiyotning, qolaversa, global integratsiyaning yagona yo‘li ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirish ekani isbot talab qilmaydigan aksiomaga aylandi. Ana shu hayotiy haqiqatni ro‘yobga chiqarish O‘zbekistonning strategik maqsadlaridan biridir. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun esa natijalarga bexato erishish imkonini beradigan islohotlar kerak. Mamlakatimizda bu jarayon boshlandi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan «Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi aynan ta’lim-tarbiya tizimida tub burilish yasashi kutilayotgan hujjatdir.

Yusuf Xos Hojibning «o‘quv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lur, bilim qayda bo‘lsa, buyuklik bo‘lur» degan hikmatli so‘zlarining amaldagi tasdig‘ini ta’minlaydigan mazkur farmon loyihasiga keng jamoatchilik o‘z taklif va mulohazalarini bildirmoqda, tuman, shahar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinmoqda. Zero, unda mamlakatning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.

E’tiborli jihati, hujjat loyihasida O‘zbekiston Respublikasida ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturining tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan. Bu bilan sohada yillar davomida to‘planib qolgan, ta’bir joiz bo‘lsa, tizimning iligini quritgan muammolarga barham beriladi. Masalan, jamiyatda tarbiyachi va o‘qituvchi mavqeini oshirish, ularni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, maktabgacha ta’lim tizimi sifati va samaradorligini oshirish, bolalar qamrovini oshirish va maktabgacha ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish chora-tadbirlari belgilanmoqda.

Mamlakat taqdirini ta’lim-tarbiyada deya bilgan Abdurauf Fitrat «Hayot yo‘lida birinchi masala – maktab masalasidir» deb aytgan edi. kompleks chora-tadbirlar dasturida iqtidorli o‘quvchilarni saralash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini takomillashtirish, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlarning belgilanishi e’tibordan chetda qolayotgan bilimdon yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aynan ana shunday yoshlarga bilim bera oladigan pedagoglar sonining ortishiga olib keladi. Shu o‘rinda bir mulohaza.

Aslida har bir bolada o‘ziga yarasha iqtidor bo‘ladi. Uni aniqlash va rivojlantirib borish esa malakali kadrlarga bog‘liq. Farmon loyihasida ushbu masalalar ham nazardan chetda qolmagan. Masalan, ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘zining iqtidori va qiziqishlariga mos kasbni tanlab olishi, mehnat bozorida munosib o‘rinini topishi, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun kasbga yo‘naltirish tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Farmon loyihasi meni deputat sifatida, qolaversa, bir necha yillar davomida ta’lim sohasida faoliyat yuritgan mutaxassis sifatida befarq qoldirmadi. Aslida u O‘zbekistoning har bir fuqarosi, kelajak avlodlari taqdiriga daxldor o‘ta muhim hujjatdir. Loyiha qanchalar maromiga yetsa, bilim bo‘ladi, buyuklik bo‘ladi.

Aqshagul TULEGENOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)