18:29 / 23.11.2020
3 102

Firibgarga aldanib qolmang “Jalol” ning qilmishlari fosh bo‘ldi

Firibgarga aldanib qolmang “Jalol” ning qilmishlari fosh bo‘ldi
Xalqimizda “Ko‘za kunda emas - kunida sinadi” - degan gap bor. Bu gap bejizga aytilmagan. Nurota tumanida yashovchi “Jalol” ham juda uddaburon, chaqqon bola chiqdi. Ikki uch yildan beri uni “Ketmoni chopgan”. U bir necha yillardan beri nurotalik abituriyentlarni Qozog‘iston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritish evaziga “mo‘maygina” pul ishlab topayotgandi.

Jumladan, J.Sandiboyev fuqarolarga o‘zini go‘yoki o‘quvchilarni oliygohga kiritish imkoniyatiga ega shaxs sifatida ko‘rsatib, o‘ziga nisbatan soxta tasavvur uyg‘otib, ularning ishonchiga kirib, fuqarolarga tegishli bo‘lgan pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni rejalashtirib, Nurota tumani “A.Temur” mahallasida yashab, jinoiy yo‘llar bilan oson pul topib, moddiy naf ko‘rishni maqsad qilib, shu niyatda o‘zining tanishi Nurota tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 25-sonli o‘rta maktabning o‘quv tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Cho‘ttiyev Bahodir Zokirovichga ushbu maktabning Xalq ta’limi bo‘limi maktablari orasida reytingini ko‘tarish maqsadida o‘quvchilarni oliygohlarga talaba sifatida qabul qilinish ko‘rsatkichini yaxshilab berish va maktabning uch nafar o‘quvchilari, ya’ni Normatov Sherxon Lochinbek o‘g‘li, Musurmonov Azamat Erkin o‘g‘lini Qozog‘iston Respublikasidagi “Xalqlar Do‘stligi” Universitetining “gelogiya-qidiruv” fakultetiga, o‘quvchi Raximova Ruxsora Sobirjon qizini Qozog‘iston Respublikasining “Xalqlar Do‘stligi” Universitetining “psixologiya” fakultetiga, har biri uchun 330 AQSH dollari evaziga o‘qishga kiritib berishni va’da qilib, 2020 yil 8 oktabr kuni Departamentning Nurota tuman bo‘limi va tuman DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Nurota tumani “Dehibaland” MFY hududida B.Cho‘ttiyevdan Navoiy viloyat IIB EKBning 15.10.2020 yilgi 140-sonli sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, kimyoviy ishlov berilgan holdagi 1.000 AQSH dollarini (AT Xalq banki Nurota filialining 28.10.2020 yilgi 421-sonli ma’lumotnomasiga ko‘ra 1 AQSH dollari 10.339,68 so‘mni tashkil qilib, bu jami 10.339.680 so‘m) olgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlanganlikda ayblangan.

Sudlanuvchi J.Sandiboyev sud majlisida, yarashuv to‘g‘risidagi arizani quvvatlab, aybiga o‘z ixtiyori bilan to‘liq iqror ekanligi, qilmishidan pushaymonligi, sodir etgan qilmishining oqibatlarini anglaganligi, jabrlanuvchiga zarar yetkazilmaganligi, jabrlanuvchi bilan biron-bir tazyiqsiz yarashib olganligi haqida ko‘rsatuv berib, jinoyat ishini yarashuv asosida tugatishni so‘radi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudi raisi Z.Ibragimov tomonidan ko‘rib chiqilib, J.Sandiboyevning arizasini muhokama qilib, taraflardan Nurota tuman prokurori yordamchisi H.Daminovning jinoyat ishini yarashganlik munosabati bilan tugatish haqidagi fikrini tinglab, sudlanuvchi J.Sandiboyevning muqaddam sudlanmaganligi, aybiga iqrorligi va jinoyat oqibatida jabrlanuvchiga zarar yetkazilmaganligi, jabrlanuvchi taraf va sudlanuvchiga biron-bir tazyiq bo‘lmaganligi, yarashuv sudlanuvchi va jabrlanuvchi tarafning xohishlari bilan bo‘layotganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan qilmish JKning 661-moddasiga muvofiq yarashuv ta’sir doirasiga tushishini inobatga olib, J.Sandiboyevga nisbatan yuritilgan jinoyat ishini yarashganlik munosabati bilan tugatishni lozim topdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, fuqarolar hushyorlik va ogohlikni yanada oshirib, farzandlarini o‘z bilim va o‘z kuchi bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlarini, o‘qishdan yiqilsalar ham yana bir yil tayyorlanib, qaytatan harakat qilishlarini so‘rab qolamiz. Shu o‘rinda, bobolarimizning “nima eksang shuni o‘rasan” degan maqollari naqadar to‘g‘ri ekanligi yana bir bor isbotini topadi.

Zafar Ibragimov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Nurota tuman sudi raisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Firibgarga aldanib qolmang “Jalol” ning qilmishlari fosh bo‘ldi