18:34 / 30.11.2020
1 593

Toshkentda Malibu daraxtga urilib, yonib ketdi

Toshkentda Malibu daraxtga urilib, yonib ketdi
Kadr: Videodan skrinshot
Toshkent shahrida Malibu rusumli avtomobil yo‘l chetidagi daraxtga urilishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda shahar YXHB.

Ma’lum qilinishicha, 28 noyabrdan 29 noyabrga o‘tar kechasi soat 03:40 larda Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan Ramada mehmonxonasi yaqinida fuqaro Z.S. boshqaruvidagi davlat raqami 01 F550 JB bo‘lgan Malibu rusumli avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.

Qayd etilishicha, avtoulovda 33 yoshli N.F. ham bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, mashina daraxtga urilgan. O‘sha paytda ushbu yo‘nalishda harakatlanayotgan va avtohalokatga guvoh bo‘lgan haydovchilar Malibu haydovchisi va uning yo‘lovchisini qutqarib qolgan. Voqea guvohlaridan biri jabrlanganlarni o‘z mashinasida kasalxonaga olib borgan.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, Malibu haydovchisi va yo‘lovchisi yengil tan jarohati olgan, ularning holati qoniqarli deb baholanmoqda.

Voqea joyida fuqaro Z.S. va N.F. avtomobildan chiqarilganidan so‘ng Malibu motor bo‘linmasida yong‘in sodir bo‘lgan, bu haqda guvohlardan biri 101 tez yordam raqami orqali xabar bergan.

Yong‘in haqida chamasi soat 03:30 larda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar berilgan, chaqiruv asosida voqea joyiga zudlik bilan yong‘in xavfsizligi xodimlari yetib borib, soat 03:54 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

Hozirgi vaqtda Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan avtohalokat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)