10:30 / 16.01.2021
3 898

«Viloyat hokimi o‘rinbosarining butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak» - Shavkat Mirziyoyev

«Viloyat hokimi o‘rinbosarining butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak» - Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari, Yunusobod tumani mahalla raislari hamda yoshlar bilan muloqot qildi. «Daryo»ning xabar berishicha, davlat rahbari poytaxtdagi tuman hokimlariga topshiriq berarkan, ular o‘zini qiynab ishlashi, xalq ishonchini qozonishi zarurligini ta’kidladi.

«Menga natija kerak, qattiqroq natija. Bankir, moliyachi va soliqchi ham mahalla ichiga kirib boradi. Bosh vazir o‘rinbosarlari yo‘nalishlar bo‘yicha tumanlarga bo‘lingan, ular hamma savollarga javob beradi. Xudoga shukr, pulimiz ham, kreditimiz ham, imkoniyatimiz ham bor. Faqat halollik kerak. Xalqqa halol, porasiz xizmat qilsalaringiz, natijasi ham, barakasi ham bo‘ladi. O‘g‘irlasalaringiz baribir yetib boradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Jizzax shahridagi qulab tushgan bino voqeasiga mas’ul bo‘lgan mansabdorlarga, albatta, qonuniy chora ko‘rilishi lozimligini qayd etdi. Bu bo‘yicha bosh prokurorga nazoratga olish topshirig‘i berildi.

«Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bizning siyosatimizga xiyonat qilgan. Buni hamma bilishi lozim. Uning butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, baribir eski zamonni qo‘msagan noinsoflar ham bor. Ular erkinlik, ochiqlik siyosatini tushunmaydi», — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushgan edi. FVV va Bosh prokuraturaning qayd etishicha, voqea oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lgan fuqarolar bo‘lmagan. Ma’lum qilinishicha, qulab tushgan bino yonidagi 6 qavatli inshootning ham poydevorlarida cho‘kish alomatlari kuzatilgan bo‘lib, hozirda u xavfli holatda turibdi. Halokatni o‘rganish maqsadida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshliq hukumat komissiyasi tuzilgan.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Viloyat hokimi o‘rinbosarining butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak» - Shavkat Mirziyoyev