19:09 / 31.01.2021
5 104

Xos soqchilar boshlig‘i: "Islom Karimovning faoliyatida qaltis vaziyatlar ko‘p bo‘lgan"

Xos soqchilar boshlig‘i: "Islom Karimovning faoliyatida qaltis vaziyatlar ko‘p bo‘lgan"
Islom Karimov kam ta’minlanganlar bilan ko‘p pul egalarining orasidagi masofani kamaytirish kerak, derdi. Bu haqda O‘zbekiston Birinchi Prezidentining 1990—1992 yillardagi xos soqchilari boshlig‘i bo‘lgan Sa’dulla Muhamadqulov «Rost24»ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Bu ularning prinsipi edi», — degan Sa’dulla Muhamadqulov va Birinchi Prezident haqidagi boshqa xotiralari bilan ham bo‘lishgan.

«Men bir kishi bilan gaplashganimda, Islom aka haqida rus tilida aytganda ‘umneyshiy chelovek’ degandi. Men nega uning gapini eslayapman? Juda kamdan-kam rahbarlar hujjatlar bilan ishlaydi. Islom Abdug‘aniyevich shunchalik kuchli inson edilarki, ular har bir hujjatni boshidan oxirigacha ko‘rar, kerak bo‘lsa, qayta ishlar yoki qaytarardi. Bitta konstitutsiyani ustida qancha ishlaganlar. Barcha hujjatlarni o‘zlari tuzatib chiqardi. Nima uchun? Xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun», — degan u.

Sa’dulla Muhamadqulovning aytishicha, Islom Karimov davrida katta kreditlar, qarzlar olinmaganiga guvoh bo‘lish mumkin. Moliyaviy ishlar bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro tashkilotlarni u bir qadam uzoqroq ushlab turgan.

«Yana bir narsa, Amerika bazasi shu yerga olib kelingandan keyin biroz vaqt o‘tdi-da, Andijon voqealaridan keyin bir og‘iz so‘z bilan mana shu yerdan chiqarib yubordilar. Amerikani o‘z hududidan chiqarib yuborish uchun qanday katta qat’iyat kerak? Shu ularning kuchi edi. Yana bir narsa — vafot qilganlaridan keyin Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin kelib ularning qabrlariga gul qo‘yayotganda bosh egdi va tizzaladi. Nima uchun? Putin u kishini ustozim, deb bilardi. Rossiyada vaqtida shokoterapiya qilinayotgandi. Bular bu narsaga yo‘l qo‘ymadilar. Og‘ir ahvolga xalqni qo‘yishni xohlamadilar. Ular haqiqiy inson edilar. Bunday insonlar yuz yilda bir marta keladi», — deb ta’kidlagan Sa’dulla Muhamadqulov.

Bunda tashqari, Birinchi Prezidentning xos soqchisi Karimovning hayotida xavfli kunlar bo‘lganini ham aytib o‘tgan.

«Namangan voqeasi, Nukus voqeasi, Parkent voqeasi, Bo‘ka voqeasi, Farg‘ona voqeasi… Farg‘ona voqeasi bir oy davom etgandi, 2 iyundan 2 iyulgacha bo‘lgan bo‘lsa, ular iyundan ishga kelganlar, Farg‘onada qancha odamning uyi yonib ketgan bo‘lsa, qancha odam halok bo‘lgan bo‘lsa, bittalab uyiga kirib chiqqanlar. O‘z sog‘lig‘i, joni uchun xavf tug‘diradigan hech narsadan qo‘rqmasdi u. Bilasizmi, Parkent voqealarida odamlar bir-birini o‘ldirgan. Bu odam borib, o‘zlari hal qilganlar shu nizoni ham. Keyin yana bir narsaki, u odam nafaqat qo‘rqmas, balki mard inson ham edi. Chunki kuchsizlarni ustidan bular hech qachon hukm surmagan, bular kuchlilarga kuch paydo qilishga yordam bergan», — deb xotirlaydi u.

Islom Karimovning so‘nggi kunlari haqida to‘xtalib o‘tib, bu vaqtda u ishlamaganini, lekin, har bir katta loyihani, million dollardan tepada bo‘lgan hamma loyihalarni Prezident o‘zi nazorat qilganini, respublikadagi har bir masalani o‘z boshida ushlab turish bu juda katta og‘ir yuk hisoblanishini, shu yukni oxirida ko‘tara olmay insult, qon quyilishi bo‘lganini bildirgan. «U bo‘ldi, bu bo‘ldi deganlarga ishonmang. Men ham ishonmayman. U odam hech qachon yomon yo‘lga boradigan inson emasdi», — degan Sa’dulla Muhamadqulov.

«Sharof Rashidovich to‘g‘risida to‘qqiz yil turli gaplar gapirildi. O‘zini otdi, o‘zini zaharladi deb, lekin maqolamda yozganman, u ham infarkt edi. Odamlar to‘qimalarni aytishgan. Aslida infarkt bo‘lganiga o‘zim guvohman. 4 yil Sharof akaning ham yonlarida men bo‘lganman, oxirgi suvni men berganman. Qo‘limda jon berganlar. Go‘rkovlar bilan birga olib borib qo‘yganmiz. Nima uchun bu gaplarni aytyapman. Bu insonlar judayam kamdan-kam insonlarda uchraydigan hislatlarga ega bo‘lishgan. Shular bilan ishlaganimdan, shularning xavfsizligini ta’minlaganimdan faxrlanaman...», — degan Birinchi Prezidentning xos soqchisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xos soqchilar boshlig‘i: "Islom Karimovning faoliyatida qaltis vaziyatlar ko‘p bo‘lgan"