20:53 / 06.02.2021
768

Ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda hamkorlik

Ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda hamkorlik
Har qanday davlatning obro‘-e’tibori, nufuzi unda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari qay darajada ta’minlangani bilan baholanadi. Fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish bevosita sud organlari bilan bog‘liqdir.

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashda, fuqarolarning konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda, jamiyatda adolatni qaror toptirishda sud organlarining faoliyati muhim ahamiyatga ega. O‘tgan yillar davomida sud-huquq sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar sud organlari va sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlashga qaratildi.
Shu jumladan Davlat va nodavlat tashkilotlarning hamkorligi puxta yo‘lga qo‘yilgandagina jamiyat oldida turgan masalalar samarali hal etiladi.

Xuddi shuningdek, sud organlari bilan OAVning hamkorlikda ishlashi natijasida turmushimizdagi muamolar to‘laqonli yechimini topadi.
Joriy yilning 5 fevral kuni Navoiy viloyat sudining tadbirlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Sud-huquq tizimini takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5482-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash hamda mahalliy jurnalist va blogerlar uchun sud organlarining ochiqligi va shaffofligi masalalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlislarida ishtirok etish tartibi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Navoiy viloyat prokuraturasi, Navoiy viloyat IIB xodimlari, Navoiy viloyat hokimligining Axborot xizmati, Navoiy viloyat matbuot va axborot boshqarmasi xodimlari, Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi, Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat Kengashi, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi vakillari, mahalla raislari va faollari, shuningdek “Ma’naviyat ko‘zgusi” va “Muqaddas burch” gazetalarining tahririyat jurnalistlari va blogerlar ishtirok etdi.

Mazkur anjumanda dastlab Navoiy viloyat sudlari tomonidan 2020 yil davomida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yuzasidan axboroti tinglandi.

Kun tartibining ikkinchi masalasi yuzasidan viloyat sudining sudyasi A.Safarov ma’ruzaga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Plenumining 2020 yil 21 fevraldagi “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatini anjuman ishtirokchilari e’tiboriga yetkazdi.

Xususan, anjumanda sud protsesslarini o‘ziga xos jihatlari, bu jarayonda jurnalist va blogerlarning huquq va majburiyatlari yuzasidan keng ko‘lamli tushuntirishlar berildi. Shuningdek, sudlarda sud organlari faoliyati yuzasidan ma’lumotlarni jamoatchilikka yetkazish maqsadida matbuot xizmati ish boshlaganini ma’lum qildi.

Anjuman davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6127-sonli Farmonining mazmun-mohiyati yuzasidan ommaga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Anjumanda jurnalist va blogerlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, jumladan sud protsesslarini OAVda yoritishning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan keng qamrovli tushunchaga ega bo‘lganligini ta’kidlab o‘tishdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)