08:39 / 24.02.2021
1 574

Saida Mirziyoyeva «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida jizzaxlik bolalardan xabar oldi

Saida Mirziyoyeva «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida  jizzaxlik bolalardan xabar oldi
Foto: Videodan skrin
«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi muallifi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva 22 fevral, dushanba kuni Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi markaziga borib, ko‘rish qobiliyati yaxshilanayotgan jizzaxlik bolalardan xabar oldi.

«‘Ko‘ngil ko‘zi’ loyihasi shifokorlar ko‘magida ko‘z nurini qaytarishga yordam berishda davom etmoqda va kun sayin quvonchli xabarlar soni ortmoqda, men ularning har birini sizga so‘zlab berishni istardim.

Masalan, operatsiya yordamida Isomiddinning ko‘rish qobiliyati 1 foizdan 30 foizga oshdi, Otabekdagi tug‘ma nuqson davolandi, Zaynurada esa estetik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, zamonaviy protez qo‘yildi va uning yuzi, umuman, boshqacha qiyofa kasb etdi. Ular baxtiyor, men ham ularni ko‘rib baxtliman
», — deb yozgan u Telegram’dagi sahifasida.

2020 yilning dekabrida O‘zbekistonda «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida maktab-internatlarning barcha — 3 mingdan ortiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolash aksiyasi boshlangan edi. Aksiya doirasida to‘qqiz nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, ikki nafariga esa ko‘z protezlari qo‘yish maqsadida 20 fevral kuni Jizzaxdan 11 nafar bola Toshkentga olib kelingandi.

Ma’lumot uchun, «Ko‘ngil ko‘zi» xayriya aksiyasi 2019 yilning mart oyida o‘z faoliyatini boshlagan. U ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ta’limi, ularning ma’naviy va ruhiy rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, kelgusi hayotga va jamiyatga moslashishi uchun yo‘naltirilgan. Saida Mirziyoyeva Respublika bo‘ylab jami 478 nafar bola operatsiya qilinib, ularda 630 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini aytgandi.

Loyiha doirasida brayl shriftida darslik nashr etish yo‘lga qo‘yildi, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ehtiyojlariga ixtisoslashtirilgan kompyuter markazi yaratildi, barcha maktab-internatlarning texnik bazasi rivojlantirildi va qo‘yilgan maqsadga erishish uchun boshqa kichik loyihalar amalga oshirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Saida Mirziyoyeva «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida jizzaxlik bolalardan xabar oldi