21:00 / 10.04.2021
2 855

Saida Mirziyoyeva: «Jamiyatimiz «ayolning o‘zi aybdor» degan qarash uchun og‘ir badal to‘layapti»

Saida Mirziyoyeva: «Jamiyatimiz «ayolning o‘zi aybdor» degan qarash uchun og‘ir badal to‘layapti»
Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva Termiz va Shovotdagi noxush voqealarga to‘xtalib, ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qilinishi holatlari ko‘pligining sabablari haqida fikr bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Termiz shahrida maktab o‘quvchisining nomusiga tegilgani shahar IIB tomonidan bosti-bosti qilingani, yigitning do‘stlari IIBda ishlashi bunga sababligi aytilmoqda.

Xorazm viloyatining Shovot tumanida esa 19 yoshli homilador kelin molxonada o‘zini osib o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi. U o‘limidan oldin yo‘lkira uchun qo‘shnisidan 5 ming so‘m qarz olgani sababli kaltaklangan bo‘lishi mumkin.

Saida Mirziyoyeva bu voqealardan keyin xotin-qizlarni oiladagi zo‘ravonlik haqida sukut saqlamaslikka chaqirdi.

«Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusidagi yangiliklar keyingi kunlarda umidsizlik zanjiriga bog‘lanib ketyapti.

Biri o‘g‘il farzand ko‘rolmagani uchun qizlari bilan o‘zini poyezd tagiga tashladi. Boshqasi kaltaklarga chidolmay, o‘zini osdi. Qo‘shnilaridan yo‘lkiraga besh ming olganiga do‘pposlashibdi. Norasida qizning nomusiga tekkan kimsa jazosiz qoldi, oilaning zo‘ravonga kuchi yetmadi.

Bunday xabarlarni eshitib, odamning ko‘ngli buzilib ketyapti. Bu hali daragi bizgacha yetib kelganlari. Yana qanchasi bosti-bosti bo‘lib ketyapti ekan?

Jazosizlik – sukut natijasi.

Ayol kishi uyidagi gapni tashqariga chiqarishi, dardi, musibati haqida birovlarga gapirishi qanchalik qiyinligini tushunaman. Ko‘pchilik xotin-qizlar buni o‘zi uchun sharmandalik deb biladi. Ana shu o‘rinsiz uyatni yengib, zo‘ravonlik haqida ochiq so‘zlay olayotganlar tahsinga loyiq. Siz faqatgina o‘zingizga emas, balki kun sayin, yillab zulmga chidab kelayotgan, jabrdiyda bo‘la turib, ta’nalar tagida qolishdan qo‘rqqan, hatto eng yaqinlariga ham dardini ayta olmayotgan ayollarga yordam beryapsiz.

Birovga zulm qiluvchilar, mansabidan foydalanib, jinoyatchilarni qo‘llayotganlar, telefon orqali ish bitiradiganlar, odam tanlab, ayrimlarni boshqalardan ustun qo‘yadiganlar sharmanda bo‘lsin! Shular ta’naga qolsin!

Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi. Bitta qo‘ng‘iroq navnihol qizning nomusiga tenglashtirilibdi. Bir og‘iz malomat ona va uning qizaloqlari hayot-mamotini hal qilibdi.

Jamiyatimiz razolat va sukut uchun, «ayolning o‘zi aybdor» degan qarash uchun juda og‘ir badal to‘layapti.

Qonunlar bor. Hamma qonun oldida birdek javob berishi kerak. Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni haqqoniy tergov qilish masalasi birlamchi vazifalar qatorida bo‘lishi shart.

Jinoyatchilar jazo muqarrar ekanini bilsin!
» – deya yozadi Saida Mirziyoyeva.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Saida Mirziyoyeva: «Jamiyatimiz «ayolning o‘zi aybdor» degan qarash uchun og‘ir badal to‘layapti»