09:09 / 25.04.2021
3 180

Millat orzusi uy-joy va qimmatbaho mashinaga ega bo‘lish-u hashamatli to‘y qilishmi?


Aksariyat millatdoshlarimizdan bu dunyodagi orzung nima, deb so‘rasak, hashamatli uy-joy qurish, qimmatbaho mashinalar olish, «yog‘li» joylarda ishlab, «orzu-havas»larga to‘la dabdabali to‘y qilish haqida so‘zlashadi.

Xo‘sh, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham odamlar shunday orzu-havaslar bilan yashaydimi yoki bu faqat o‘zbeklarga xos xislatmi? Bir o‘ylab ko‘raylik, insonlarning moddiyatni hayotiy maqsad deb bilishi qanchalik to‘g‘ri?
Rivojlangan mamlakatlar inson kapitaliga diqqatini qaratayotgan bir vaqtda farzandlar ta’lim-tarbiyasidan ko‘ra moddiy qimmatliklar-u hashamatga muhabbat qo‘ygan millatning ertasi qanday bo‘ladi?
Bugun biz o‘z sohasining malakali mutaxassislari bo‘lgan jamoatchilik faollari bilan mavzu yuzasidan fikr almashamiz.

«Odamlar anglashi kerak: dunyo qayoqqa qarab ketyapti va biz qaysi manzillarni ko‘zlayapmiz»
Sotsiolog Zavqiddin Gadoyev:
«Moddiy dunyoga berilish butun insoniyatga xos tuyg‘u va u millatlarda turli ko‘rinishga ega. Tashqi ko‘rinish: uy-joy, mashina, qimmatbaho buyumlar orqali o‘zining kimligini ko‘rsatish, bu avvalo, millat, xalq yoki mamlakatda ilmiy nuqtayi nazar, ta’limning darajasi bilan bog‘liq. Ta’lim qanchalik yuksak darajaga yetadigan bo‘lsa, tafakkur qilish, dunyoni tushunish shu darajada yuqori bo‘ladi.

Inson ma’naviy dunyosini boyitgani sari moddiy dunyoning ham o‘ziga yarashasini belgilab oladi. Haddan tashqari moddiyatga berilish tafakkur qilishning cheklanishi bilan bog‘liq. Rivojlangan dunyoga e’tibor bersak, mashina, uy hech qanday ko‘rsatkichni belgilab bermaydi. Odamlarning uy-joyi yo‘q va bu ular uchun fojia emas. Ijarada yashashadi, chunki uyga ko‘p pul tikishni istashmaydi.

Moddiyatga berilish mentalitet bilan bog‘liq. Bizda o‘zbek mentaliteti yillar davomida materializmni asosiy o‘ringa qo‘ydi. Bu holatdan chiqib ketishning yagona yo‘li ta’lim. Ayniqsa, oliy ta’limdir, chunki millatning keyingi hayotini belgilab beruvchilar aynan oliy ma’lumotli kadrlardir. Ta’lim olish orqaligina moddiy va ma’naviy dunyoni ajratishni boshlaymiz.
Inson uchun moddiyat muhimmi yoki ma’naviy dunyo? Albatta, moddiyatsiz bo‘lmaydi. Masalan, uy sizga nima uchun kerak: boshpana, dam olish maskani. Biz esa bu dunyoda xuddiki bir umr yashaydigandek uy quramiz, topgan pulimizga mashina minishni istaymiz.

Maktabda va oilada bolalarga hayotda yashashdan maqsad nima ekanini to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak. Tiriklik faqat mashina olish, farzand ko‘rish, uni uylantirish, to‘y qilishdan iborat emas. Bolalikdan bizning ongimizga singdirishadi: qiz bola tug‘ilsa, albatta, kelinlik uchun tayyorlanadi, o‘g‘il bola esa moddiy jihatdan to‘kin bo‘lishi kerak. Uy qurishi, ulg‘aygach ota-onani ta’minlashi zarur. Odamlar anglashi kerak: dunyo qayoqqa qarab ketyapti va biz qaysi manzillarni ko‘zlayapmiz.

Millat buyuk ishni amalga oshirishi uchun avval unda g‘oya bo‘lishi kerak. Bu g‘oyani ta’limda ijtimoiy fanlar beradi. Oliy ta’limda ijtimoiy fanlarning salmog‘i ancha pasayib ketmoqda va bu achinarli holdir. Millat ongi yaratuvchilik g‘oyasi tomon olg‘a borishini istasak, mustahkam va aniq belgilangan g‘oyamiz bo‘lishi kerak».

«Ta’limga e’tiborni oshirmasak, yoshlar ongida jur’atni tarbiyalay olmasak, mayda orzular jamiyatiga aylanamiz»
Yozuvchi, «Qo‘rqma» romani muallifi Javlon Jovliyev:
«Mustaqillik yillarida tug‘ilgan har bir yosh O‘zbekistonda materialistik qarashlar bilan to‘qnashadi, hayotning murakkabligi, tirikchilik tashvishida yurgan ota-onani ko‘rib ulg‘aygan bolaga muhit yaxshigina ta’sir qiladi. Bu esa bolaning orzularidan voz kechib, tirikchilik qilishiga majbur qiladi, jamiyatda yashashning qiyinligini isbotlovchi dalil bu.

Atrofimdagi odamlardan ham bilaman: bizga qanday ish qilishimiz emas, qancha maosh olishimiz, nima evaziga haq olishimiz emas, qanchalik oson olishimiz qiziq. Odamlarning uy, mashina olishga qiziqishining sababi shunday moddiy buyumlari bor insonlar yaxshi yashayapti. Jamiyatda ilm-fan, ma’rifat tarqatish bilan ishlayotganlar esa xorlikda yashayotgani ham asosiy sababdir.

Tasavvur qiling: inson atrofidagi bu holatni kuzatgan holda, jamiyatda o‘rni yo‘qligini, o‘zida uyi, mashinasi yo‘qligini ko‘radi. Nima qilib bo‘lsa ham ularga erishish uchun umr o‘tkazadi. Boshqacha orzular qilmaydi. Masalan, yosh yigit 80 million so‘mga mashina olishi uchun Rossiyada 5 yil ishlaydi. Pul topib kelgandan so‘ng uydagilari uylantiramiz, deyishadi. Uylanishi uchun yana 2-3 yil ishlashi kerak. To‘ydan keyin yashashi kerak. Yana Rossiya. Keyin uy qurishi kerak. Qarang, hayot uni shunday qilib moddiyatga burib qo‘yyapti.

Umumiy ong bilan emas, individual jasorat ko‘rsata olgan odamlargina moddiy dunyoda tirik qolishi mumkin va shunda o‘zining katta orzu-maqsadlarini amalga oshiroladi. Millatning materialistik qarashlari mentalitetga ham bog‘liq. Biz, o‘zbeklarda, qo‘ni-qo‘shnichilik, og‘aynichilik kuchli, bir-birimizni o‘ylaymiz. Agar faqat o‘zimizni o‘ylaganimizda, bizda individual qarashlar yanada kuchli rivojlangan bo‘lardi.

Oilada farzandlar ulg‘aygach, ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish, qarindoshlarga yordam berish kabi vazifalar turadi, bularni qilmasa, odamlar gap-so‘zlari ham bor. Yoki bo‘lmasam, yosh oilada erkak kishining ulkan orzulari bo‘lsa-yu, rafiqaning materialistik istaklarini amalga oshirish, farzandlarning moddiy ta’minoti insonda o‘z-o‘zidan moddiyatga intilishni kuchaytiradi.

Jamiyatda har bir insonning shaxsiy fikri bo‘lsa, materialistik qarashlar o‘z-o‘zidan chekinadi, o‘sha shaxsiy fikr shakllanmasligiga yo‘l qo‘ymaydigan to‘siqlar talaygina. Masalan, 100 ming dollar puli bo‘lgan odam biron biznesga pul tikmasdan, ko‘chmas mulk olib, uni ijaraga berishni afzal ko‘radi, chunki u biznesi kasodga uchrashidan, yerini noqonuniy tortib olishlaridan qo‘rqadi. Uni himoyalaydigan qonun yo‘q.

Ta’limga e’tiborni oshirmasak, yoshlar ongida jur’atni tarbiyalay olmasak, mayda orzular jamiyatiga aylanamiz. O‘sayotgan har bir yosh to‘g‘riso‘zligi uchun odamlar kaltaklanmayotganini ko‘rib ulg‘ayishi kerak. Har kim o‘z fikrini qo‘rqmasdan ifodalay oladigan jamiyatda mustaqil fikrli shaxslarni tarbiyalay olamiz.

Yana bir fikr: qizlar ta’limiga alohida e’tibor berilishi kerak. Ular bo‘lajak ona. Millatni tarbiyalovchi buyuk kuch. Agar ular butun umrlarini oshxonada yoki serial ko‘rib o‘tkazmasligini xohlasak, zudlik bilan qizlarni o‘qitishimiz kerak. Ular uyg‘onsa, millat uyg‘onadi».

«Qachonki bizdagi komplekslar kamayib, odamlar boridan uyalmasa, o‘zi uchun yashasa, vaziyat o‘zgaradi»
Asaxiy.uz loyihasi asoschisi Feruz Allayev:
«Avvalo, birinchi sabab og‘ir iqtisodiy vaziyat va sovet ittifoqining ta’siri, deb bilaman. Sobiq ittifoq davrida mahsulotlar tanqisligi, mashina olish uchun yillab kutish kerakligi insonlar ongida mol-mulkka o‘chlikni shakllantirgan. Undan keyin ham iqtisodiy vaziyat og‘irligicha qolgani uchun mashina, yaxshi uy-joy va boshqa buyumlarga yetishish oson bo‘lmadi.

Demak, aholida o‘z-o‘zidan qiyin narsaga erishganlar sifatida mol-mulkning ijtimoiy ahamiyati paydo bo‘ldi.
Mentalitet o‘zgarib turuvchi narsa. Xalqimizning bir asr oldingi mentaliteti bilan bugungisi keskin farq qiladi. Bugungi mentalitetda materializm juda kuchliligini rad etib bo‘lmaydi. Insonlar jamoa bo‘lib yashashga moslashgan. Harakatlar jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘lishga, jamoa ichida muhimligini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lishi tabiiy. Hozirgi holatda yaxshi mashina, uy-joy, qimmat smartfon va boshqalar jamoa ichida ko‘proq hurmat topish uchun vositalar bo‘lib qolmoqda.

Baxt shunchaki pul yoki boylikdan kattaroq narsa. Shaxsiy rivojlanish, inson sifatida o‘sayotganingni his qilish baxtning asoslaridan biridir. Bugun siz o‘zingizni bir yil oldingidan aqlliroq, sog‘lomroq va yaxshiroq his qilsangiz, ich-ichingizdan baxtli bo‘lasiz. Shuni tushungan insongina shaxsiy rivojlanish ahamiyatini tushunib, o‘zi uchun investitsiya kiritadi.

Hech e’tibor berganmisiz: jamiyat ichida hurmatga ega bo‘lish uchun odamlarimiz o‘zini boricha ko‘rsatishga qo‘rqadi. Natijada, oddiy emas, qimmat mashina olib yillab kredit to‘laydi. Qarzga to‘y qilib, uni to‘lash uchun Rossiyaga ketadi. Qachonki bizdagi komplekslar kamayib, odamlar boridan uyalmay qolsa, o‘zi uchun yashasa, vaziyat o‘zgaradi. Shuning uchun ham bu ko‘plab faktorlarga bog‘liq. Vaziyatni o‘nglash uchun odamlarni kitob o‘qishga undagan bo‘lardim. Shu xolos».

«O‘zbekchilik» tushunchasi boylik, obro‘-e’tibor, ustunlik ma’nosini anglatmaydi»
Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti, Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti Dilmurod Yusupov:
«Biz, o‘zbeklarda, hayot mazmunini moddiyatda, deb bilishimizga sabab ta’lim sifati pastligi. Misol uchun, O‘zbekistonda oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi ko‘p yillar mobaynida 10 foizdan oshmagan edi. So‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich 15 foizdan oshdi, deb aytishyapti, ammo bu juda ham past ko‘rsatkich. Oliy ta’limda tahsil olganlar sinfida materialistik g‘oyalar kamroq bo‘ladi. Bu hech kimga sir emas.

Bizda «o‘zbekchilik» degan alohida tushuncha bor. Shaxsan men «o‘zbekchilik» deganda materializmdan yiroq bo‘lgan, o‘zbek xalqiga xos an’ana va urf-odatlarni tasavvur qilaman. «O‘zbekchilik» tushunchasi boylik, obro‘-e’tibor, kimdandir ustunlik ma’nosini anglatmaydi. Hashamatli to‘y qilish, mingta odamni to‘yga taklif qilish va boshqa dabdabalar keyinroq «o‘zbekchilik» tushunchasining noto‘g‘ri talqiniga sabab bo‘lgan. Jamiyatda, afsuski, ilm qadrlanmaydi, inson o‘z qobiliyati bilan ma’lum muvaffaqiyatga erishishi qiyin. Korrupsiya va tanish-bilishchilik «o‘zbekchilik» ortiga yashiriladi.

Qarashlarni o‘zgartirishning imkoni yo‘q, deydiganlar adashadi. Buning uchun ota-onalar o‘z farzandi bilim olishlari uchun ilk yillardanoq sarmoya kiritishlari zarur. Mamlakatda ta’lim sifatini oshirishdan tashqari, mass-media orqali bilim qadri, o‘z kuchi orqali muvaffaqiyatga erishgan insonlarning modellarini targ‘ib qilish lozim».

Ta’lim biz uchun yo hayot, yo mamot...
Avloniyning bu gapi aytilganiga 100 yildan (!) oshib ketdi. Biz hali ham o‘sha paytdagi ilmsizlik botqog‘idan chiqolmayapmiz yoki buni istamayapmiz. Yuqorida aytilganidek, bizni tubsizlikdan faqat ta’lim qutqara oladi. Buning boshqa sehrli formulasi yo‘q. Agar bizga kimdir sharoit yaratib berishini kutib yashasak, hali-beri o‘zgarmaymiz. Harakatni bugundan va o‘zimizdan boshlamasak, kelajakni ham zulmatda o‘tkazamiz.
Muhabbat Ma’mirova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Millat orzusi uy-joy va qimmatbaho mashinaga ega bo‘lish-u hashamatli to‘y qilishmi?