2 848
«Chiroqchi voqeasi» bo‘yicha yana 2 nafar IIB xodimi 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan

Qashqadaryo viloyatida IIB binosidan jasadi chiqqan marhum Yusuf Abdurahmonov o‘limida ayblangan yana 2 nafar IIB xodimi uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishida IIB xodimlari — J.R. va R.K. Jinoyat kodeksining 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan aybli deb topilgan.
«Qamalganlarning biri jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi bo‘lsa, yana biri profilaktika inspektori hisoblanadi. Ularning har biriga uch yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi», — deydi «Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan manba.
«Daryo» manbasi bergan ma’lumotga aniqlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyat sudining OAVlar bilan ishlovchi mas’uli Farhod Tilovov bilan bog‘landik. Vaziyatga aniqlik kiritgan mas’ul haqiqatdan ham jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudida «Chiroqchi voqea»si aybdorlariga hukm o‘qilganini, biroq hukm e’lon qilinganidan so‘ng o‘tishi lozim bo‘lgan muddat tugamaganligi uchun ma’lumotni ochiqlay olmasligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, tuman IIBda qiynoqqa solingan 32 yoshli Yusuf Abdurahmonov o‘limi jamoatchilikka ma’lum bo‘lgach, «Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan Qurbon Ostonoyev «Nurbek ismli xodimdan so‘ng yonimga Anvar degani keldi. U ham haqorat qildi, urdi. Javoblarim ma’qul kelmadimi, ‘protivogaz’ kiydirib, qiynoqqa sola boshladi. Xuddi yosh boladek chakkamga tarsaki tushirardi. O‘sha kuni xona burchagida qo‘limni ko‘tartirib, turg‘izib ham qo‘yishdi. O‘zlari esa uxladi», degandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar