18:36 / 12.05.2021
17 001

Toshkentda singlisini o‘ldirish uchun 5 ming dollarga qotil yollagan ayolga sud hukmi o‘qildi


Toshkentning Yunusobod tumanida o‘z singlisini o‘ldirish uchun 5 ming dollarga qotil yollagan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «Darakchi.uz» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2010 yilda Gulsara Rajabova Namangandan Toshkentda yashovchi opasi Halima Rajabova uyiga kelgan. Ular «Abu Saxiy» bozorida sovun va xo‘jalik mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullangan va birgalikda jamg‘argan puliga 2012 yilda Yunusobod tumanidan xonadon sotib olgan. 2019 yilgacha ular ahil yashagan. Halima Rajabova ularga tegishli yuklarni aytilgan joydan olib kelib, bozorga yetkazib berish bilan shug‘ullangan Zoir ismli shaxs bilan tanishib qolib, munosabatlari chuqurlashgach, opa-singil o‘rtasida o‘zaro kelishmovchiliklar yuzaga kelgan.

Muammoning yechimini singlisini qasddan o‘ldirish deb hisoblagan opa buni 5 ming dollar evaziga muqaddam qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etib, jazo muddatini o‘tab chiqqan tanishi Xolida Safarova orqali amalga oshirmoqchi bo‘lgan, ammo rejasi amalga oshmagan.

Xolida Safarova sodir etish uchun taklif etilayotgan bu jinoyatning oqibati juda og‘ir va qiyin ekanligini aytganidan so‘ng, Halima Rajabova undan ushbu qotillikni amalga oshirishda boshqa shaxsni topib berishni iltimos qilgan. Jazo muddatini o‘tab chiqqan ayol bu haqda tanishi Vazira Egamovaga aytgan va ular o‘zaro maslahatlashib, singilning hayotini saqlab qolish maqsadida rejalashtirilayotgan jinoiy harakat hamda unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Yunusobod tuman IIO FMBga ariza bilan murojaat qilgan.

«Sudlanuvchi Rajabova Halima tug‘ishgan opam bo‘ladi. Shu paytgacha ikkalamiz bir uyda ahil va inoq yashab kelayotgandik. Opam Zoir bilan tanishib, uchrashishni boshlaganidan keyin batamom o‘zgardi. U bizga begona odamga aylandi. Oilali erkak bilan uchrashib yurishi, uyga kelmay qolishi menga yoqmadi. Unga bo‘y yetgan qizi borligini, bu ishi noto‘g‘riligini tushuntirmoqchi bo‘ldim. Zoirga ham bu haqda gapirdim. Ammo ular o‘z bilganlaridan qolishmadi. Mening bor aybim shu», — degan sudda jabrlanuvchi sifatida so‘ralgan Gulsara Rajabova va opasini kechirganini, unga nisbatan da’vosi yo‘qligini aytib, jazo tayinlashda yengillik berishni so‘ragan.

Singlisini o‘ldirmoqchi bo‘lgan Halima Rajabova Jinoyat kodeksining 25 (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-moddasining 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda singlisini o‘ldirish uchun 5 ming dollarga qotil yollagan ayolga sud hukmi o‘qildi