16:00 / 17.05.2021
1 961

«Biz faqat tinchlik bo‘lishi tarafdorimiz» — Shavkat Mirziyoyev Falastin-Isroil mojarosi haqida



Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Toshkentning Uchtepa tumani «Tepaqo‘rg‘on» mahallasi aholisi bilan suhbatda Falastin-Isroil mojarosiga izoh berdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

«Falastin va Isroildagi voqealar, al-Aqso masjidi atrofidagi harakatlar haqida gapirar ekanmiz, biz faqat tinchlik bo‘lishi tarafdorimiz. Albatta, har qanday masala bir stol atrofida o‘tirib, murosa qilinsagina hal bo‘ladi», — deb ta’kidlagan davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Yana bir masala borki, to‘xtalmasam bo‘lmaydi. Afg‘oniston voqealari — bu ham bizni tashvishlantirmay qolmaydi. Nimaga desangiz, Afg‘oniston bo‘yicha shuncha qilgan harakatlarimiz bizni ham tinchligimizga zamin yaratadi», — degan u.

«AQSh qo‘shinlari va ularning NATOdagi ittifoqchilari chiqib ketganidan keyin qilgan harakatlarimiz tufayli u yerda hayot qanday bo‘ladi? — deb so‘radi Shavkat Mirziyoyev. — Agar uzoqroq bo‘lgan boshqa davlatlar bu haqda o‘ylayotgan bo‘lsa, biz uchun ular — qo‘shni. Xudo ko‘rsatmasin, u yerda biror-bir mojaro kelib chiqsa, bu biz amalga oshirgan barcha sa’y-harakatlarimizga qanday ta’sir qiladi? Buni yodda tutgan holda, tinchlikni saqlash ustida har kuni ishlashimiz kerak. Biz doim eng og‘ir sharoitlarga tayyor bo‘lishimiz lozim va tayyor bo‘la olsak, hech qachon yutqazmaymiz», — deb ta’kidlagan u.

Prezident yig‘ilganlarga, shu jumladan, ayollar, oqsoqollarga qarata «adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash»ni so‘radi.
«Tasavvur qiling, tinchlik bo‘lsa va iqtisodiyotimiz shu taxlit rivojlanishda ketsa, 10 yildan keyin nimalarga erishsa bo‘ladi? Iqtisodiyot bu — farzandlarimiz, nevaralarimiz kelajakda qanday yashaydi degani. Buning uchun sabr, matonat va albatta tinchlik kerak», — degan davlat rahbari.

17 may, dushanba kungi brifingda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan Falastin va Isroil o‘rtasidagi vaziyatning qat’iylashishi borasida qilgan suhbati tafsilotlariga ham to‘xtalib o‘tgandi.

«Mazkur masala ikki davlat yetakchilari telefon orqali muloqotlari chog‘ida atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston Sharqiy Quddusdagi vaziyatni keskin tus olishidan juda ham xavotirda. Alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish va qon to‘kilishini darhol to‘xtatish, bu borada mavjud imkoniyatlarni safarbar qilish kerak deb o‘ylaymiz», — deb ta’kidlagan u.

O‘zbekiston al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligi status-kvogacha bo‘lgan holatga qaytishi kerak, deb hisoblaydi.

«Quddusdagi al-Aqso masjidi va boshqa qadamjolar urushdan avvalgi holat qaytarilishi kerak deb hisoblaymiz. Va albatta, Falastin—Isroil muammosi xalqaro me’yoriy-huquqiy hujjatlar, xususan, BMTning tegishli rezolyutsiyalari va biz ko‘p yillardan beri qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ‘ikki xalq uchun ikki davlat’ tamoyili asosida yechilishi kerak deb hisoblaymiz», — degan Prezident matbuot kotibi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Biz faqat tinchlik bo‘lishi tarafdorimiz» — Shavkat Mirziyoyev Falastin-Isroil mojarosi haqida