10:55 / 28.05.2021
723

Qashqadaryoning Sechanko‘lida noqonuniy baliq ovlagan shaxslar tabiatga 45 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlandi

Qashqadaryoning Sechanko‘lida noqonuniy baliq ovlagan shaxslar tabiatga 45 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlandi

Foto: Qashqadaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati
Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan Sechanko‘lda noqonuniy baliq ovlagan shaxslar tabiatga 45 million so‘m zarar keltirgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Karima Yodgorova ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi xodimlari Mirishkor tumanidagi Sechanko‘l tabiiy suv havzasida noqonuniy baliq ovlanishiga qarshi kurashish maqsadida nazorat tadbirini o‘tkazgan.

Foto: Qashqadaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati
«Nazorat tadbiri davomida Sechanko‘l tabiiy suv havzasidagi orolchaga yaqin hududda baliq ovlash taqiqlangan vaqtda ikki nafar shaxs bir dona qayiq (lotka)da noqonuniy baliq ovlab yurganligi aniqlandi. Ikki nafar shaxs o‘zlarini og‘zaki tarzda Buxoro viloyatining Olot tumani ‘Denov’ MFYda yashovchi M.N va Qorako‘l tumani ‘Kamolot’ mahallasida yashovchi L.U. deb tanishtirdi», — deydi Karima Yodgorova.

Foto: Qashqadaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati
Qayd etilishicha, fuqarolar baliq ovlab chiqqan orolcha inspektorlar tomonidan ko‘zdan kechirilganda noqonuniy baliq ovlash uchun mo‘ljallangan leska to‘rlari va 20 dona (12 dona «Qizil kitob»ga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdori va 8 dona zog‘ora baliq) ovlangan baliq hududga tashlab ketilgani ma’lum bo‘lgan. Noqonuniy ovlangan baliqlar zarari hisoblanganda, 45 million 80 ming so‘mni tashkil etgan.
Hozirgi vaqtda mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoning Sechanko‘lida noqonuniy baliq ovlagan shaxslar tabiatga 45 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlandi