11:53 / 17.08.2021
2 802

«Maishatga berilgan hokimni mutlaqo kechirib bo‘lmaydi» — Shavkat Mirziyoyev

«Maishatga berilgan hokimni mutlaqo kechirib bo‘lmaydi» — Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida hokimlar haqida gapirarkan, ularning mansabparast va maishatga berilganlarini kechirolmasligini aytgan.

«Joylarda islohotlarning samarali amalga oshirilishi birinchi navbatda hokimlarga, ularning bilim va tajribasi, ishbilarmonlik xususiyatlariga bog‘liq. Eng muhimi, ular odamlarning ishonchini qozongan bo‘lishi shart. Aholi joylardagi rahbarlarga, ularning ishi, xizmat va muomala madaniyati, siyosiy, huquqiy va axloqiy saviyasiga qarab, davlat hokimiyatiga baho beradi. Lekin ochiq aytadigan bo‘lsak, hokimlar, umuman, quyi bo‘g‘indagi rahbarlarning barchasi ham el-yurt o‘rtasida yetarli obro‘-e’tiborga ega emas.

Afsuski, ko‘pchilik rahbarlar xalqning ichiga kirib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashni qandaydir ikkinchi darajali ish, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ular ko‘p-ko‘p masalalarda zaif va ojiz bo‘lib qolmoqda.

Aslida xalq bilan muloqot, doimo insonlar tashvishi va muammolarini o‘ylab yashash har qanday rahbar uchun birinchi va muqaddas vazifa bo‘lishi shart. Rahbarlik va boshqaruv madaniyati, hayotiy bilim va tajribalar qayerdan boshlanadi? Xalq bilan bevosita muloqot qilishdan boshlanadi. Ayniqsa, quyi pog‘onadagi rahbarlar o‘z dunyoqarashini o‘zgartirib, oddiy fuqaroga yelkadosh bo‘lib, tadbirkorga do‘st bo‘lib ishlamasa, biz qanchalik ko‘p kuch va mablag‘ sarflamaylik, farmon va qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, joylarda islohotlarimizning oldinga yurishi qiyin bo‘ladi.

Yashirishning hojati yo‘q – juda og‘ir, tahlikali va shafqatsiz raqobat zamonida yashayapmiz. Dunyo shunday shiddat bilan o‘zgaryaptiki, kechagi siyosiy-iqtisodiy tahlil va bashoratlar bugungi kunga to‘g‘ri kelmayapti. O‘zaro qarama-qarshilik, “savdo urushlari”, ekologik muammolar kuchayib bormoqda. Ana shunday murakkab sharoitda el-yurt bilan hamdard, hamnafas bo‘lib yashamaydigan, hayotning o‘zi taqozo etayotgan oddiy haqiqatlarni tushunmaydigan mansabdorlarning rahbar sifatida kelajagi yo‘q. Ularga biron-bir mas’uliyatli vazifani ishonib ham bo‘lmaydi.

Bir paytlar men ham hokim bo‘lib ishlaganman. U vaqtlardagi sharoitni hozirgi imkoniyatlar bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. Ko‘p-ko‘p masalalarda qo‘l-oyog‘imiz bog‘langan edi, hamma narsani “tepa”ning qosh-qovog‘iga qarab bajarishga to‘g‘ri kelardi. Eng yomoni, quyi bo‘g‘indagi muammolar bo‘yicha yuqori idoralardagi salqin kabinetlarda o‘tirgan, qishloq yoki ovullarda qiynalib yashayotgan odamlarning dardu tashvishlaridan butunlay yiroq bo‘lgan, joylarda ahvol qanday ekanini tasavvur ham qilolmaydigan vallomatlar qaror qabul qilardi.

Bugun esa hokimlar mustaqil qaror qabul qilib, mustaqil ish olib borish vakolatiga ega. Ulardan ilgarigidek har bir qadamini Toshkentda, markaziy idoralardagi mutasaddilar bilan kelishish, bo‘lar-bo‘lmasga ijozat so‘rash talab etilmaydi.

Hokim, rahbar inson sifatida, nimanidir bilmasligi yoki ko‘zdan qochirishi, xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin, buni tushunsa bo‘ladi, lekin u ana shu xatolarini tan olmasa, ularni tuzatishni istamasa, o‘qib-o‘rganishga, yangicha ishlashga, o‘z bilim va tajribasini oshirishga intilmasa, manfaatparastlik va maishatga berilgan bo‘lsa, bu holatni mutlaqo kechirib bo‘lmaydi.

Mening asosiy talabim – odamlarni tushunish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashash, yon-atrofdagi vaziyatga oddiy xalqning ko‘zi bilan qarash va baho berish, el-ulusdan ajralib qolmaslik kerak. Shundagina hudud yoki tarmoqni boshqarish va muhim qarorlar qabul qilishda aniq samara bo‘ladi.

Har bir rahbarning faoliyat mezoni – bu xalqning orzu-umidlarini o‘zi uchun asosiy maqsad qilib, ularni izchillik bilan ro‘yobga chiqarishdan iborat.

Hokim va vazirlarimiz, kompaniya va banklarimiz rahbarlari orasida faol, ishning ko‘zini biladigan, chuqur fikrlaydigan yangi avlod vakillari yetishib kelayotgani meni quvontiradi. Ular xalq bilan ochiq muloqot qilmoqda, tashabbus ko‘rsatmoqda, yuqoridan ko‘rsatma kutib o‘tirmasdan, mustaqil va dadil ish olib bormoqda.

Afsuski, ba’zi yetakchi va mutasaddilar manmanlikka berilib, havolanib, oyog‘i yerdan uzilganini bilmay qoladi. Bu – ular uchun haqiqiy fojia. Albatta, bunday rahbarlarga bizning safimizda o‘rin bo‘lishi mumkin emas. Bu nafaqat Prezidentning, ayni paytda xalqimizning, hayotning talabidir», degan Shavkat Mirziyoyev.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Maishatga berilgan hokimni mutlaqo kechirib bo‘lmaydi» — Shavkat Mirziyoyev