14:00 / 26.04.2022
993

Toshkentda korrupsiyaga atalgan strit-art paydo bo‘ldi

Toshkentda korrupsiyaga atalgan strit-art paydo bo‘ldi
Kadr: Telegram
Inkuzart taxallusi bilan ijod qilayotgan ko‘cha rassomi Abdurahmon Toshkentdagi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini o‘rab turgan devorga yangi strit-artini chizish jarayoni tasvirlangan videoni e’lon qildi.

Unda «Shum bola» filmidagi qahramon Qoravoy qopni yelkasiga ortib, olib ketayotgani tasvirlangan. Qopga esa «korrupsiya» yozuvi tushirilgan, video ostidagi izoh ham shunday — «Korrupsiya».

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mazkur stirt-artga izoh bildirib, agentlik mazkur graffiti muallifining kreativ yondashuvlarni doimo qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

«Biz har kuni korrupsiya balosidan tezroq qutulish, yurtimiz rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz. Biroq korrupsiya illati hanuzgacha yelkamizda og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda. Bu yukdan qancha tez qutulsak, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga shuncha tez erishamiz. Buning uchun nafaqat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, balki aholining barcha qatlamlari faol ishtirok etishlari, ko‘maklashishlari kerak.

Agentlik mazkur graffiti muallifi @inkuzart’ning ijodiy g‘oyasini va shu kabi korrupsiyaga nisbatan murosasizlikka qaratilgan kreativ yondashuvlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi
», — deb yozadi Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning sentabr boshida @inkuzart O‘zbekiston avtomobil bozoridagi monopoliyaga bag‘ishlangan strit-art chizgandi. Unda mashina uchun uzun navbat va navbat boshida qizil shapkali inson tasvirlangandi. Keyinroq ushbu tasvir to‘liq o‘chirib tashlangan, poytaxt hokimligi va «O‘zavtosanoat» bu ishga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan edi. Noyabrda esa ko‘cha rassomining Toshkentda benzin narxi oshishiga bag‘ishlangan strit-art o‘chirib tashlangandi. 2022 yilning 18 fevral kuni esa Inkuzart’ga tegishli turli formulalar bilan devorga chizilgan Albert Eynshteynning portreti bo‘yab tashlangan. Chilonzor tuman hokimligi strit-artining o‘chirilishiga tuman hokimining buyrug‘i emas, mahalla faollari sababchi bo‘lganini ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda korrupsiyaga atalgan strit-art paydo bo‘ldi