U qisqa umri davomida betakror rollar yaratdi. Ishtirokidagi filmlar xitga aylandi. Yosh aktrisa millionlab muxlislar orttirib, hind kinosining superyulduzi maqomiga erishdi. U ilk filmdagi roli bilan tilga tushgan va o‘z davrining yoshlari orasida yana o‘n to‘rtta filmi namoyish etilmay turgan yagona aktrisa hisoblanadi. Yosh aktrisa Hindistonda nufuzli sanalgan «Filmfare Awards» mukofotining «Yangi chehra» nominatsiyasi sovrindori ham edi. U Divya Bxarti bo‘lib, ming afsuski, shaxsiy hayoti fojiali intiho topdi...
«Men xohlamadim, onam esa...»
Divya Bxarti 1974 yilning 25 fevralida Hindistonning Maxarashtra shtati Mumbay shahrida Mita va Om Prakash Bxarti oilasida tug‘ilgan. Bolaligi Haydarobodda o‘tdi. Kinoga taklif qilishganida Divya hali 9-sinfda o‘qirdi. U tashqi tomondan mashhur aktrisa Shrideviga o‘xshab ketar, buni rejissyor va prodyuserlarning ilg‘amasligi mumkin emasdi. Rejissyor Nandu Tolani «Jinoyat olami qiroli» jangari filmiga taklif qilguniga qadar Divyaning ota-onasi rosa ikkilanishdi.
Dastlab Divya Govinda bilan juftlikda «Radha Ka Sangam» filmida rol o‘ynashi kerak edi. Biroq keyinroq u negadir loyihadan chetlashtirilib, o‘rnini Juxi Chavla egalladi. Shundan so‘ng Bxarti do‘sti orqali Dalil Shankarning «Aatank Hi Aatank» va «Rudra Avtaar» filmlariga yangi aktrisa izlayotgani haqida eshitib qoldi. Ota-onasi ruxsat bergach, Divya mazkur kartinalarda o‘ynash uchun shartnoma imzoladi. Biroq oradan sakkiz kun o‘tar-o‘tmas, Divya bu loyihadan ham chetlatilib, o‘rnini aktrisa Tabu egalladi. Keyinroq esa rejissyor Subxash Gxay Amir Xon ishtirokidagi «Savdogar» filmiga Divyani qabul qildi. Ammo yigirma kundan so‘ng rollar Manisha Koyrala va Vivek Mushranga almashtirildi.
Yirik loyihalardan uchib ketib, tushkunlikka tushgan Divya Mumbayni tark etdi. Bu haqda eshitgan «Bobbili Raja» filmi prodyuseri u bilan darhol bog‘lanib, yangi kartinasiga taklif qildi. Divya janob D.Ram Nayduning telugu tilidagi filmida qatnashdi. Mazkur kinoasarda bosh erkak qahramonni prodyuser (D.Ram Naydu)ning o‘g‘li, telugu kinosidagi mashhur yulduz Viktor Venkatesh ijro etgandi. Film xitga aylanib, Andxra Pradesh shtatida yangi rekord o‘rnatdi. Avval kinoijodkorlar, endi esa tomoshabinlar jajji Divya timsolida o‘sha zamondagi Bollivudning 1-raqamli yulduzi Shri Devi nusxasini ko‘rdilar.
1991 yili aktrisa «Movie» jurnaliga bergan intervyusida shunday degan: «Men suratga tushishni xohlamasdim. Shuning uchun «yo‘q» deb javob berdim, oyim esa o‘ynaysan deb turib oldi. Tasavvur qilyapsizmi, film superxitga, men esa superyulduzga aylandim».
Mazkur filmdan so‘ng u telugu kinosiga bir necha takliflar oldi. «Assembly Rowdy» (bosh rolda Moxan Babu), «Dharma Kshetram» rosa kassabop bo‘ldi. Divya Bxarti megayulduz bo‘lmish Andxra Pradesh Chiranjivi bilan «Rowdy Alludu» filmida bosh qahramon qiz rolini o‘ynashdek ajoyib imkoniyatni qo‘lga kiritdi. Mazkur kinoasar ham telugu va tamil kinematografiyasida superxitga aylandi.
Omad tulporidagi qiz
Aktrisa telegu tomoshabinlariga tanilgan edi. U Rajiv Rayning Sanni Deol ishtirokida hind tilidagi «Uch darg‘azab erkak-2» filmi uchun yangi chehra izlayotganini eshitib qoldi. To‘ppa-to‘g‘ri Rayning ofisiga borishga jur’at topdi. Bxarti bilan o‘sha kuniyoq kinoshartnoma imzolandi. Mazkur film reliz va Bxarti ijrosida kuylangan «Saat Samundar Paar» qo‘shig‘idan so‘ng takliflar yomg‘irdek yog‘ildi. U birvarakayiga 14 ta filmda rol o‘ynash uchun shartnoma tuzdi.
«Dil Ka Kya Kasoor» kinomyuzikli chiqqanida omadsizlikka uchradi. Buni hech kim kutmagandi. «Filmfare» kinojurnali unda o‘ynagan Bxartini eng omadsiz o‘n nafar aktrisa safiga qo‘shib qo‘ydi. Garchand mazkur kinoasar muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa-da, yosh aktrisa ko‘zga yarq etib tashlanib bo‘lgandi. Divya muvaffaqiyatsizlikka uchragan loyiha haqida shunday dedi: «Men o‘zimni namoyon etmoqchi edim. Biroq chalqanchasiga yiqildim. Endi cho‘qqiga ko‘tarilishni qaytadan boshlashim mumkin. Ishonamanki, qachonlardir muvaffaqiyat meniki bo‘ladi».
Haqiqatan, «Shabnam va olov» ekranlarga chiqqach, Bxarti yana omad tulporiga o‘tirdi. Film xitga aylandi. Qolaversa, mazkur kartina aktyor Govinda va rejissyor David Dxavanning mavqei o‘sishiga turtki berdi. To‘rt oy o‘tgach esa Divya ishtirokida rejissyor Rajiv Kanvarning muhabbat tarixi bo‘lmish «Devona» ekranlarga chiqib, u ham xit bo‘ldi. Divyaning superyutug‘i boshlovchi aktrisalar safidan birinchi aktrisalar doirasiga o‘tishiga yordam berdi.
Hammasi yaxshi edi...
Divyani kinosanoatda mehnatkash aktrisa sifatida bilishsa-da, kayfiyati keskin tushib ketishi tufayli yoqtirmasdilar. U haqda turli mish-mishlar yurardi. Masalan, «Radha Ka Sangam» filmidan chetlashtirishgani uchun Divya tomirini kesgan emish va hokazo...
Go‘zal Bxarti bilan ko‘plab rejissyorlar, jumladan, Boni Kapur, Shabnam Kapur, Shekxar Kapur va Subxash Gxaylar birgalikda ishlamoqchi edilar. Biroq uning nojo‘ya xatti-harakatlari bilan bog‘liq gap-so‘zlar bunga monelik qilardi. Jurnallarda Divyaning aqlga sig‘mas va yovvoyi fe’l-atvori to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lardi.
Aslida Divya ochqko‘ngil, toza qalb sohibasi edi. Uni Karishma rad etgan Kamol Sadanax bilan juftlikda o‘ynaladigan «Rang» filmiga taklif qilishdi. Agar boshqa aktrisa bo‘lganida hamkasbiga mo‘ljallangan libosni ko‘zdan yo‘qotishni talab qilardi. Divya esa yangi ko‘ylak uchun pul sarflashdan ko‘ra, shuning o‘zini mos tarzda tayyorlashni so‘radi. U ba’zi hamkasblari kabi sarf-xarajat qilishni xobbi deb bilmas, pulni birlamchi omil hisoblamasdi. Rajiv Ray Sunil Shetti bilan juftlikda o‘ynaladigan «Piyoda»ga taklif qilganida bir chaqa ham olmadi, chunki Divyani aynan u «Olam qalbi» sifatida kashf etgan edi.
Afsuski, «Piyoda», «Qora ko‘zoynakli yigit» va «Azizam» oxirigacha suratga olinmay qoldi. Bunga Divyaning bevaqt o‘limi sabab bo‘ldi. Rejissyor «Azizam» filmidagi Divya o‘ynagan lavhalar va uning vafotidan so‘ng o‘rniga suratga tushgan Shridevini ko‘rsatganida tomoshabinlar ayrim sahnalarda Divyaning ustunligini payqashdi.
Divya Bxarti katta yulduz bo‘lishi mumkin edi, biroq taqdir inson rejalarini hisobga olmay, o‘z hukmini o‘tkazaveradi.
Mudhish kechadagi faryod
1993 yilning 7 aprelida yuzlab odamlar kuzatuvida to‘y libosi kiydirilgan yoshgina go‘zal kelinchakni erining xonadoniga yuborish o‘rniga dafn etish uchun olib borishardi. Ikki kun oldin beshinchi qavatdagi uyi derazasidan hatlagan 19 yoshli Divya Bxarti hayotining fojiali yakuni edi bu. Afsuski, o‘shanda Divya hushyor emasdi. O‘zining qisqa umri davomida millionlab muxlis orttirgan va Bollivud cho‘qqisini egallashi kutilgan istiqbolli aktrisa o‘z joniga qasd qilganmi yoki baxtsiz hodisa qurboni bo‘lganmi, hali noma’lum edi.
Divya 1992 yilning may oyida Divya Sajid Nadyadvalga turmushga chiqqan, biroq ularning nikohi uzoq vaqt sir tutilgan. Yosh aktrisaning faoliyatiga putur yetadi, deb o‘ylashdi. Aslida buning uchun tashvishlanishga hojat yo‘q: u 1992 yili «Yilning mislsiz mashhur chehrasi» mukofoti bilan taqdirlangan edi.
5 aprel kechasi 19 yoshli ayol o‘z qismatidan nolib, dod-faryod qilganini qo‘shnilar eshitishgan. Bir necha soniyadan so‘ng esa u 5-qavat derazasidan hatlab, yerga gursillab tushdi. Yosh ayolning abjag‘i chiqqan tanasi politsiya tergov guruhi yetib kelmaguncha ertalabgacha o‘sha joyda qolib ketdi. Qonun posbonlari uning kimsan, mashhur aktrisa Divya Bxarti ekanligini aniqlashdi. Matbuot darhol uning o‘zini-o‘zi o‘ldirgani, baxtsiz hodisa va, hatto o‘ldirilgani haqida taxminlarni olg‘a surdi.
Xo‘sh, o‘z faoliyati debochasida omadga erishgan yulduzning bunday chorasiz yo‘lni tanlashiga sabab nima? Bu savolga javob Divyaning umr yo‘ldoshi Sajid Nadyadvalga borib taqaladi. U taniqli prodyuser bo‘lib, bir necha marta uylangan va yangi chehralardan ilhom oluvchi shaxs edi.
Divya nima sababdan bu xotinbozga tekkan? Bu savolga dahshatli, biroq kutilmagan javob topish mumkin. Divyani do‘q-po‘pisa va aldov yo‘li bilan Nadyadvalning nikohiga tortishgan. Sajid bu yosh aktrisa timsolida oltin tuxum beruvchi tovuqni ko‘rgan edi. U bilan har qanday shartnomani imzolar, daromadni o‘zining cho‘ntagiga urardi. Divya nikohi haqida butun dunyoga ovoza qilishini aytib zorlanganida esa Nadyadval uni qo‘rqitdi. Go‘yo Divya oila qurgani bois muxlislar qiziqishini yo‘qotishi mumkin edi, bunga Sajid yo‘l qo‘ymasdi.
U tobora ko‘p daromadga ega bo‘lish uchun Divyaning yanada serqirra faoliyat ko‘rsatishini xohlardi. Yosh xotini norozi bo‘lavergach esa yaxshilab do‘pposladi. Qalbi yaralangan, aldangan Divya qismatidan qochib qutulmasligini anglab yetdi. Natijada ko‘p ichadigan bo‘ldi, qo‘rqinchli ruhiy zarbadan xalos bo‘lish uchun, hatto giyohvandlikka berildi. Nadyadval esa faqat xursand edi – xotini ishni davom ettirayotgandi.
Yana matbuot, yana gap-so‘zlar
1993 yilning o‘sha mudhish 5 aprel kechasida Divya Bxarti juda ko‘p ichdi. U yovuzlik va umidsizlik bilan bas kela olmasdi – axir Divyani sovuq va tadbirli odam boshqarar, har kuni ozor berardi. Divyaning dovrug‘i oshar, Nadyadval esa uni ishdagi hamkorlari bilan ko‘ngilxushlik qilishga majburlay boshladi. Aktrisaning toqati toq bo‘ldi. U baqirib eriga tashlandi, eng xunuk so‘zlar bilan haqoratladi. Hatto, qo‘shnilar bunday so‘zlarni eshitmaslik uchun boshiga ko‘rpa burkab olishgandi. Keyin esa uzoq titratuvchi zarba bo‘ldi. Navbatdagi bosqichda esa hind kinosi yulduzining jasadi qon xalqob bo‘lgan yerda yotar, suyaklari singan edi. Er allaqachon yotoqqa – boshqa ma’shuqasining oldiga qaytgan edi...
Oradan ikki kun o‘tgach, Divyaning jasadiga to‘y liboslarini kiydirib, minglab dardmand muxlislar ishtirokida dafn marosimi o‘tkazildi. Sajid Nadyadvalal shu qadar dod solib yig‘ladiki, bir necha marta hushidan ketdi. Marosimda Bollivudning bir necha yuzlab vakillari ham qatnashdilar. Ularning har biri Divya Bxarti o‘limining asl sababini bilardi. Teleintervyularda yosh aktrisa «aql-idrokining o‘tmaslashuvi» haqida gapirilib, «muntazam ichkilikbozlik» o‘z joniga qasd qilishga olib kelgani ta’kidlandi. Bu vaqtda esa Divya Bxarti to‘y libosida abadiy uyquda yotar, uning orzusi ushalgandi go‘yo. Taqdir ravo ko‘rgan kunni qarang.
Divya ishtirokidagi «Rang» va «Shaxmat» filmlari o‘limidan bir necha oy o‘tgach, ekranlarga chiqdi. Har ikkala film ham Bollivud aktrisasining xotirasiga bag‘ishlandi.
Bxarti o‘limiga aloqador tergov ishlari 1998 yili to‘xtatildi. Sohibjamol aktrisa vafoti sabablari oxirigacha ochilmay qolaverdi.
Akbar Fathullayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...