20:50 / 03.08.2023
1 316

6 yilga “zapret”ga tushgan va shaxsiy hayotini sir tutadigan Zohirshoh Jo‘rayev 33 yoshda (foto, video)

6 yilga “zapret”ga tushgan va shaxsiy hayotini sir tutadigan Zohirshoh Jo‘rayev 33 yoshda (foto, video)

Jo‘rayevlar sulolasining kenja vakili Zohirshoh Jo‘rayev 1-avgust kuni 33 yoshni qarshiladi. San’atkorlar oilasida tug‘ilgan Zohirshohning kun kelib san’at vakili bo‘lishi hech kimni ajablantirmaydi. Ammo u ham osonlikcha tanilgani va qo‘shiq shinavandalarining mehrini qozongani yo‘q.

“Cho‘ponlik qonimizda bor”

Zohirshoh Jo‘rayev intervyularining birida oilada uch qiz va ikki o‘g‘il ekani, singillari ham qo‘shiq aytishga qiziqishi haqida aytib o‘tgandi. Xo‘sh, mashhur oilaning farzandlari qanday tarbiyalangan va Zohirshoh Jo‘rayev bolalik damlarini qanday xotiralar bilan eslaydi?

Foto: Instagram / @zohirshohofficial

— O‘qish sabab asosiy vaqtimiz Toshkentda o‘tardi. Ertalabki soat sakkizdan to 15:00 ga qadar umumta’lim maktabida o‘qirdim. Undan keyin 15:00 dan 19:00 ga qadar musiqa maktabidagi mashg‘ulotlarga borardim. Uyga qaytgach, ko‘chaga chiqib o‘ynashga ham holim bo‘lmasdi. Bu tartib 9 yil davom etgan. Faqatgina yozgi ta’til kunlari o‘ynashga, Andijonga kelishga imkonimiz bo‘lardi. Shu bois bolalikdagi eng shirin xotiralarim Asakada o‘tgan. Amakilarimning o‘g‘lim bilan qo‘ylarni haydab dalaga ketar, to kun botgunga qadar maza qilib o‘ynardik. Kattalarning aytishicha, bobom rahmatli o‘z davrining badavlat insonlaridan biri bo‘lgan ekan. “Quloq qilish” paytida boyligi uchun jazolangan va qo‘ylarini tortib olib, o‘zini esa cho‘pon qilib qo‘yishgan ekan. Amakim rahmatli ham “Cho‘ponlik qonimizda bor”, deb aytardi, — deydi xonanda Zohirshoh Jo‘rayev.

“Ikki kunga yo‘qolib qolardim”

Muxlislar Zohirshoh Jo‘rayevni og‘ir-bosiq, kamgap xonanda sifatida tanishadi. Biroq u bolaligida nihoyatda sho‘x va shumtaka bola bo‘lgan ekan.

Foto: Darakchi.uz

— Haqiqatan ham juda sho‘x edim. Faqatgina otamdan cho‘chib turardim. Bir shumlikni boshlab qo‘yib, keyin otam bilib qolmasmikan, deb yurak hovuchlab yurardim. Maktab paytida bunday ishlar bo‘lmasdi-ku, ta’til vaqtida qo‘shni mahallalarga ketib qoladigan odatim bor edi. Albatta, bu ishim otamga yoqmasdi. Shu bois uning ko‘ziga ko‘rinmaslik uchun ikki kunlab tom yoki yerto‘laga yashirinib olardim. Keyin onam orqali uzr so‘rab doimgidek bu ishni takrorlamaslikka va’da berardim, — deydi xonanda Zohirshoh Jo‘rayev.

“Shartnoma pulini ishlab to‘laganman”

Sherali Jo‘rayev “O‘g‘il ko‘rsam, o‘choqni pulda yoqib xalqqa osh tarqataman” degan mish-mishlar tarqalgandi. Xo‘sh, u haqiqatan ham farzandlarini erkalatib o‘stirganmi?

Foto: Instagram / @zohirshohofficial

— San’atga qachondan qiziqqanimni bilmayman. Chunki oilamizda bu sohaga qiziqmagan insonning o‘zi yo‘q. Oilamizdagi ayollarga qo‘shiq aytishga ruxsat berilmagan bo‘lsa-da, ularning ham shirali ovozi bor. Glier nomidagi musiqa maktabida Turg‘un Alimatovdan tanbur chalish sirlarini o‘rganganman. Litseyda o‘qib yurgan paytim to‘yga taklif qilishgan. Adashmasam, o‘shanda birorta mualliflik qo‘shig‘im yo‘q edi, akamning qo‘shig‘ini kuylab bergandim. Berilgan pul u qadar katta bo‘lmagan, ammo quvonib ota-onamga olib kelganman. Bu ilk daromadim edi.

Litseyni bitirib, O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga hujjat topshirganman. Ammo balim yetarli bo‘lmagani uchun o‘qishga kirolmaganman. Keyin qo‘shimcha kvotalar ajratiladigan bo‘lgan va shartnoma asosida o‘qishga qabul qilishgan. Otamga bu haqda aytmaganman, to‘ylarga chiqib shartnoma pulini to‘laganman, — deydi Zohirshoh Jo‘rayev.

“Otamning oldida askardekmiz”

Foto: Instagram / @zohirshohofficial

— Otam hamisha ijod va gastrol safarlari bilan band bo‘lgan. Tarbiyamiz va ta’lim olishimizga esa onam mas’ul edi. Musiqa to‘garaklariga o‘zi olib borar, ilk qo‘shiqlarimizning tinglovchisi ham o‘zi bo‘lardi. Oilamizda otaga bo‘lgan hurmat boshqacha. Haligacha otamning oldida o‘zimizni xuddi askardek tutamiz. Ulg‘ayib san’at yo‘lini tanlashga qaror qilganimda ham otamdan maslahat olardim, ammo qo‘llab-quvvatlaydigan inson akam bo‘lardi. Akam studiyada tepamda turib, men bilan baravar ishlardi. U otamdan keyingi ikkinchi ustozim desam ham bo‘ladi, — deydi Zohirshoh Jo‘rayev.

“Kerakmas odamlar bilan salom-alik qilgansan” 

Bu xonanda ham “zapret” ta’mini totib ko‘rganlardan hisoblanadi. U olti yillik taqiqning to‘rt yilini Andijonda o‘tkazgani va ruhan qiynalgan kunlarini quyidagicha xotirlaydi. 

Foto: Instagram / @zohirshohofficial

— Balki, mening ham o‘zimga yarasha xatolarim bo‘lgandir. Sahnaga endi qadam qo‘yayotgan yosh qo‘shiqchini sindirib qo‘yish oson. Aynan kimning ko‘ziga yomon ko‘ringanimni bilmadim. Qaysi voqea sabab bunday bo‘lganini ham bilmayman.
Menga “kerak emas odamlar bilan salom-alik qilib qo‘ygansan” shunga, deyishgan. Mayli deganman, xo‘p deganman, isyon ko‘tarib, to‘polon qiladigan odam emasman. Buni to‘g‘ri qabul qilib, Allohning sinovi deb, Allohga tavakkal qilib, o‘sha og‘ir kunlardan o‘tib oldim. Bu muddat olti yil, ya’ni 2011-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan.

Foto: Instagram / @zohirshohofficial

— Yashirmayman, juda og‘ir vaziyatga tushganman. Yoshman, ijod qilishim, uni xalqqa taqdim etishim kerak. Ammo qaysi davraga bormay, sekingina eshikni yopib qo‘yishadi. Shunday vaziyat bo‘ldiki, atrofimda yaqinlarimdan bo‘lak hech kim qolmadi. Ular esa ahvolimni ko‘rib yanada xafa bo‘lishardi. Oxiri nima bo‘lsa bo‘lar deb Andijonga amakivachcham Sardorning uyiga ketganman. O‘zi bittagina uyi bor edi. Kelinoyim xijolat bo‘lmasligim uchun o‘zi oshxonada uxlardi. Xullas, Andijondagi to‘ylarda yurib pishdim, “zapret”ning to‘rt yilini o‘sha yerda o‘tkazdim, — deydi xonanda Zohirshoh Jo‘rayev. 

Shabnam Surayyo bilan 15 yillik do‘stlik

Xonanda Shabnam Surayyo bilan do‘stligi va duet kuylash taklifi kimdan chiqqanligi haqida so‘zlab berdi.

— Shabnam Surayyo bilan 15 yillik do‘st, qadrdonmiz. Konsert bersak, bir-birimiznikiga boramiz, duet kuylaymiz, deb niyat qilgandik. Ahmad Zoirning qo‘shig‘ini birga ijro etdik va qo‘shiq Tojikistonda yaxshigina mashhur bo‘ldi. Duet aytish taklifi undan yoki mendan chiqqan deyolmayman, shunchaki ovqatlanib o‘tirganda shunga kelishganmiz xolos. Uning ijodini hurmat qilaman, — deydi xonanda.

Sir tutiladigan shaxsiy hayot

Foto: Instagram / @zohirshohofficial

Xonanda shaxsiy hayotini hamisha ommadan sir tutadi. Faqatgina uning akasi bilan boja ekanligi — aka-uka opa-singillarga uylangani ma’lum.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » 6 yilga “zapret”ga tushgan va shaxsiy hayotini sir tutadigan Zohirshoh Jo‘rayev 33 yoshda (foto, video)