00:23 / 13.08.2023
191

“Qarzga olingan umr” – hayotning qadrini anglatuvchi dars

“Qarzga olingan umr” – hayotning qadrini anglatuvchi dars

Foto: Book.uz

Remark – hayotni ichkaridan aks ettiruvchi yorqin asarlar muallifi. Uning ko‘pgina romanlaridan farqli o‘laroq, “Qarzga olingan umr” romani siyosiy kayfiyatdan yiroq, ayrim tarixiy voqealarning yilnomasi ham emas. Bu qiyin sinovni boshidan kechirgan oddiy odamlarning hayoti haqida hikoya. Nom juda muvaffaqiyatli va teran – “Qarzga olingan umr”. Nima uchun qarzga olingan, uning asl egasi kim?

Avvalo, kitobxonga Remarkni bu roman bilan boshlamaslikni tavsiya qilaman. Men uni yozuvchining boshqa romanlari darajasida baland baholay olmadim. Xulosalarimni o‘rtoqlashaman.

Syujyet. Mashhur avtopoygachi Klerfe sil kasaliga chalingan sherigi Xolmanning holidan xabar olish uchun tog‘dagi sanatoriyga boradi. Klerfe u yerda xuddi shu kasallikka uchragan Lilian ismli yosh qiz bilan tanishadi.

Uning yashashga juda oz vaqti qolgan. Sanatoriydagi zerikarli hayot sog‘ligini tiklashga yordam bermaydi. Lilian hayotni ko‘rish va yashab qolishga vaqt topish uchun Klerfe yordamida bu joydan Parijga qochib ketadi.

Ikkala qahramon ham bugunni, hozirni yashashga harakat qiladilar. Negaki Lilianning kasali har daqiqada unga o‘lim soyasini solishi, Klerfe uchun ham istalgan poyga oxirgisi bo‘lishi mumkin. Ularda o‘zaro hamdardlik hissi paydo bo‘ladi.

Parijga borib, Lilian istaganday hashamatli turmush tarzida yashay boshlaydilar. Biroz o‘tib Klerfe unga butunlay boshqacha qaraydi, chunki endi u Lilianni sevib qolgan va har qanday holatda ham uni saqlab qolishga harakat qilar edi. Lilian esa har kuni faqat yashashga, hayotdan ko‘proq narsani olishga intiladi, lekin hech narsaga bog‘lana olmaydi, o‘zi yoqtiradigan narsalari ham juda kam. Klerfe turmush qurishni taklif qilganda, qiz uni ham tark etishga qaror qiladi.

Oxiri esa kutilmagan. Bu jihatdan asar kitobxonni mutolaadan keyin ham ko‘p mulohazalarga chorlaydi.

Mohiyat. Remarkning kitoblarida qandaydir tozalovchi bor. Ularning barchasi hayotga muhabbat haqida.

“Qarzga olingan umr” sog‘lom va tuzalmas kasal insonlarning hayotga turlicha munosabati haqida hikoya qiladi. Inson umrini sarflashi uchun nimalar arzirli ekanini aytadi. Asar iqtiboslari bilan ham mashhur. Ayniqsa, dialoglar juda ta’sirchan, qisqa va qat’iy. Mana shu jihatlar kitobxonni ularni iqtibos sifatida saqlab qo‘yishga undaydi. Romanda yengilroq obrazning o‘zini topa olmaysiz. Barcha qahramonlarning hayot haqida o‘z haqiqati bor va bu dialoglarda yaqqol ko‘rinadi.

Kitobni yopganda nimalarni his qilasiz? Biz yashayotgan hayot uni dunyoning barcha ranglari bilan to‘ldiradigan uchrashuvlar va ayriliqlar bilan ajoyib. Biz mo‘jizalarga eng oxirgi lahzaga qadar ishonamiz...

O‘lim odamning unga bo‘lgan munosabatiga bo‘ysunmaydi, u unga tayyorgarlik ko‘rayotganlarga ham, uni kutmaganlarga ham keladi. Bu jihatdan o‘lim va ishq teng.

O‘z hayotingiz, yaqinlaringizning hayoti va sog‘ligini qadrlashni boshlaysiz. Bizni o‘rab turgan muammolarning juda kichkinaligini tushunasiz. Yashashdan maqsadingiz haqidagi o‘ylar g‘alayoniga tushasiz. Bizga bu hayot nega berilgan? Atrofimizdagi har bir lahzani yashashimiz, qadrlashimiz, sevishimiz kerak, ularda mavjud bo‘lish…

Hayot odatdagidek davom etmoqda, biz go‘yo bir nuqtada mutlaq baxtning ayni payti keladigandek yashaymiz, baxt allaqachon o‘z qo‘limizda ekanini tushunmaymiz. Hammasi qachon tugashini bilmaganda xotirjam yashashimiz, chegara bilmasdan orzu qilishimiz mumkin.

Ammo bir nuqtaga kelib, dunyoda hayot sizsiz davom etishini anglaganingizda, “nega men?” deb nola qilasiz. Yangi kunning har bir nafasidan, gullar va quyosh nurlaridan, qor uchqunlaridan va yomg‘irning har bir tomchisidan zavq olasiz, tabassum qilasiz, shoshilmaysiz, odamlarga borliklari uchun rahmat aytasiz. Chunki qaysidir bir nuqtaga kelib, bularning hech qaysisi siz uchun mavjud bo‘lmay qolishi mumkin.

Men uchun kitobning ma’nosi – inson o‘lishini har bir hujayrasi bilan anglagandagina hayotning asl qadri seziladi. O‘lim yoqasida. Bu daqiqa hayajonli va u shifo beradi.

E’tirozlar. Ammo kitobda ko‘tarilmagan va meni chalg‘itgan bir qancha jihatlar ham bor. Lilian tuzalmas sil kasaliga chalingan va bu yuqumli. Yosh xonim nafaqat o‘zini, balki atrofidagilarni ham xavf ostiga qo‘yganini bilganmi yoki yo‘q, bu masalada kitobda so‘z ochilmagan.

Yana bir savol uyg‘otgan narsa, yaqinda o‘lishini tushunadigan og‘ir kasal odam haqiqatda o‘zini shunday tutadimi? Lilian doimo hashamatga intildi. Bor pulini o‘ziga qimmatbaho liboslar tiktirish, sayohat va restoranlar uchun sarfladi. Bemor holida muntazam kuchli spirtli ichimliklar iste’mol qildi.

Bir qarashda barchasi oddiy, u oxirgi kunlarini o‘zi istagandek yashamoqchi. Lekin real hayotga mutanosib emasdek bular. O‘limni kutayotgan odamning qadriyatlari o‘zgaradi. U ko‘proq tinchlik va sukunat xohlaydi, nazarimda. Balki hamma odamda bu har xil kechar.

Mutolaa vaqtida Remark romanlari orqali o‘zining ichki dunyosi va hayotiy muammolarini tushunishga harakat qilayotganday tuyuladi.

Taqrizga xulosa o‘rnida asardan ba’zi iqtiboslarni qoldiraman. Negaki kitob haqida eng yaxshi so‘zlovchi o‘sha kitobning o‘zi!

Asardan iqtiboslar

Boris, – dedi u, – biz bir-birimizni juda yaxshi bilamiz. Men seni, sen meni yaxshi tushunamiz, bizning fojiamiz ham shunda…

***

O‘zimni xuddi mangu yashaydigan odamlar davrasiga tushib qolgandek his qilyapman. Har holda, ular o‘zlarini shunday tutishyapti. Xayollarida faqat pul, hayot haqida unutib qo‘yishgan.

***

Erkinlik degani mas’uliyat va maqsadsiz yashash degani emas. Uning qandayligini bilgandan ko‘ra, qanaqa bo‘lmasligini tushunish osonroq.

***

– Eyfel minorasiga-chi, bordingmi?

– Yo‘q. U yerga sen bilan birga boraman, azizim.

***

Teatrga kelasan, pesani tomosha qilasan, avvaliga hech nimani tushunmaysan, tushunganingda esa vaqting tugagan bo‘ladi...

***

Osmon hamma joyda aks etadi, hatto ko‘lmaklarda ham.

***

Tabiat odamlarga mo‘jizalarni mo‘l-ko‘l qilib tuhfa qilgan, u ularga o‘pka va yurak bergan, aql bovar qilmas “kimyoviy uskuna” – jigar va buyraklarni bergan, bosh suyaklarini oppoq va yumshoq miya bilan to‘ldirgan, bularning bari butun koinot tizimidan ham ko‘ra hayratlanarli.

***

Muhabbatda ortga yo‘l yo‘q. Uni hech qachon boshqatdan boshlab bo‘lmaydi. Bo‘lib o‘tgan narsalarning bari qonda qoladi.

Muhiddin Nido


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Qarzga olingan umr” – hayotning qadrini anglatuvchi dars