Serbiyalik dunyoga mashhur rejissyor Toshkentga ilk bor kelib, hayratlangani haqida gapirdi (video)
Rejissyor Muzaffar Erkinov Facebook'dagi sahifasi orqali O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Toshkent xalqaro kinofestivali tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida O‘zbekistonga ilk marta tashrif buyurgan serbiyalik mashhur rejissyor Emir Kusturitsaning Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari haqidagi taassurotlarini ham yozib qoldirdi.
“Men uning prodyuseri Mirko Radinovich bilan ularning Toshkentga kelishi to‘g‘risida bir necha bor suhbatlashganimda O‘zbekistonga kelsangiz, bizda u bor, bu bor deb rosa maqtamoqchi bo‘lsam, u menga Muzaffar, azizim, mening yoshim 62 da, Emirniki 69 da, bizni hayratga sololmaysan, biz hamma narsani ko‘rib bo‘lganmiz, deb ko‘p gapirdi. Lekin Allohning qudratini qarangki, kecha tungi sayrda u va Emir o‘z hayratini yashirisholmadi”, — deb yozadi Muzaffar Erkinov.
Rejissyorning ta’kidlashicha, Emir Kusturitsa prodyuseri bilan birgalikda Toshkentning “Parij va Dubaydan ham zo‘rligini” aytishgan.
“Ular Toshkent Parijdan, Dubaydan ham zo‘r-ku, deb rosa takrorlayverishdi. U keta- ketguncha shu gapni takrorlayverdi. Vaholanki, Emir Kusturitsa shaxsini bilgan insonlar yaxshi bilishadiki, u insonni yolg‘on yoxud paxta qo‘yib gapirishga dunyodagi hech qanaqa pul, hech qanday iltifot ham majbur qilolmaydi”, — deydi rejissyor.
Muzaffar Erkinov Emir Kusturitsaning so‘zlaridan ta’sirlanib, ularning nigohi bilan Toshkentga nazar tashlay boshlagani hamda o‘zgalar anglagan narsani avval anglamagani haqida fikr bildirdi.
“Men boshida ularni oddiy videoga olib, bu gaplarga uncha e’tibor bermadim. Birdan aql-u shuurimga yarq etib o‘ylar kelishni boshladi. Endi men ularning nigohi bilan Toshkentimizga nazar sola boshladim. Shunda men uyaldim, o‘z-o‘zimizdan uyaldim… Nahotki o‘zgalar ko‘rayotgan, anglayotgan narsalarni biz ko‘rmayapmiz, biz anglamayapmiz.
Insonlar, vatandoshlar, ko‘zlarimizni kattaroq ochaylik, atrofimizda nimalar bo‘layotganini anglaylik. Axir o‘zimiz yillar davomida havas qilayotgan o‘zga davlatlardan ancha o‘zib ketibmiz-ku. Jahonning eng ilg‘or shaharlaridek ko‘rk beribmiz-ku. Nega shuni tushungimiz kelmayapti, nega o‘zgarishlar haqida bong urayotgan insonlarni maddohga chiqarmoqdamiz?
Nega haqiqatni tan olgimiz kelmayapti? Nega hadeb noliyveramiz? Nega kechamizga va bugunimizga boqmaymiz? Nega faqat o‘z vatanidagi kamchiliklarni ko‘rayotgan kishilarni “vatanparvar”ga chiqarib, u bilan, kerak bo‘lsa, qo‘shilib ayb izlayapmiz, nega, nega, nega?!
Nahotki ichimizda yaxshilik nuri shunchalar kamayib ketgan bo‘lsa… Bu so‘zlarni ko‘zimda yosh, qalbimda og‘riq bilan yozdim. Bu o‘ylarni yozishga meni hech kim majbur qilmadi. Balki shu o‘ylarimni o‘qigan inson vijdonan atrofiga bir nazar tashlar, degan o‘yda yozdim. Rahmat senga, Toshkent kinofestivali, rahmat sizga, Emir! Rahmat sizga, Shavkat Miromonovich!” — deb yozadi rejissyor.
Ma’lumot uchun, Emir Kusturitsa — kelib chiqishi bosniyalik Yugoslaviya va serb kinorejissyori va kino aktyori, Yevropaning eng yirik kinofestivallari, shu jumladan, Kann kinofestivalida ikki marta “Oltin palma yaprog‘i”ni qo‘lga kiritgan. Uning “Yashamoq — bir mo‘jiza”, “Arizona orzusi”, “Oq mushuk, qora mushuk”, “Lo‘lilar soati” kabi filmlari mashhur.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring