“25 yoshgacha inson o‘zidan boshqa hammani aybdor deb biladi” — Konsta qiyin sharoitda ulg‘aygani haqida gapirdi
Rep qo‘shiqlari bilan muxlislar e’tiboriga tushgan Konsta “Daryo”ning You Tube'dagi kanaliga bergan intervyusida hayotidagi qiyinchiliklarni aytib berish uchun tirik qolgani va nega qo‘shiqlarining matnini o‘zi yozishiga oydinlik kiritdi.
— Men tabiatan ko‘ngil odamiman shu bilan birga har bir holatni tahlil qilaman. Albatta, bunday inson bo‘lib shakllanishimga ko‘p narsalar sababchi bo‘lgan. Ko‘p narsalar istaymizmi-yo‘qmi bolalik damlarimiz bilan bog‘liq bo‘larkan. Masalan, maktabim uyimizda ancha uzoqda edi. Onam maktabga piyoda olib borib, yana o‘zi shu holatda qaytardi. Yettinchi sinfdan bezorilik damlarim boshlangan, bilimim yaxshi bo‘lsa-da, darslarga kirishni istamasdim. O‘qituvchilarimning jahli chiqib, “Axmoq sen nimaga o‘qimaysan?” deyishardi. Undan keyin bank kollejiga o‘qishga kirib, majburlikdan o‘qiganman.
Kollejimiz yonida mardikor bozori bo‘lardi, dasrga kirmasdan mardikorlik yoki armatura tashishga chiqardik. Yoki to‘yxonalarda osh tashib ham tirikchilik qilardik. Ammo o‘sha kollejni tamomlamay turib, ketib qolganman. Chunki kollejda daraxt ekib berishni so‘rashgan, ammo ekilganlari ko‘karmagani uchun meni ayblashgan. “Yeringning sifatiga javob bermayman”, deb Gulistonga qaytib ketganman. Eski avtobusda Rossiyaga yo‘lga tushganmiz, yetti kun davomida qiyin damlarni boshdan kechirganmiz. Bir do‘stim bor “Shu kunlarni aytib berish uchun tirik qolgan bo‘lsang kerak”, deb ko‘p gapiradi.
Hayotimdagi bu tezislar ko‘proq fikr yuritishimga undaydi. Ya’ni hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Avvaldan o‘zimni o‘ylantirgan mavzularda matnlar yozib yurganman. Vosiq degan do‘stim bor, u ham matn yozishimga ko‘maklashadi. Agar shu kungacha mingdan ortiq matn yozgan bo‘lsak, 100 dan ortiq ijodkorlarning fenomenlarini o‘rganganmiz. Ammo ularning hammasida ham bir muammo ochib berilgan, deyolmayman. Chunki inson 25 yoshgacha baribir o‘zidan boshqa hammani aybdor deb biladi. Yosh ulg‘ayganidan keyin dunyoqarash va fikrlar ham o‘zgarib borar ekan, — deydi Konsta.
Agar Konsta o‘ziga to‘q, muammolardan holi oilada dunyoga kelganida ijodkor bo‘lolarmidi yo‘qmi?
— Juda zo‘r savol. Ko‘p ijodkorlar bir oz ko‘zga ko‘rinib qolgandan keyin darrov mashina oladi, uy oladi. Men esa haligacha piyoda yurishimni, qanday uyda yashashimni muxlislardan yashirmayman. Ammo kimdir uy va mashina haqida o‘ylayotganda ba’zi insonlar bir nuqtadan ikkinchisiga yetib olish yoki tushlikka nima yeyish haqida o‘ylayotgani haqida fikr yuritish kerak. Puli yo‘q paytida odam qornini to‘ydirish haqida o‘ylasa, borligida sog‘lom ovqatlanish haqida o‘ylaydi. Ya’ni insonning hamisha muammosi bo‘ladi, eng muhimi o‘zligiga sodiq qolishi kerak. 16 ming so‘m pulni ikki kunlik ovqatga yetkazishim kerak, deb o‘ylab yurgan paytimga hozirgidan ancha xotirjam edim. Muammo insonni fikrlashga chorlaydi, uni hamisha nimagadir undaydi, — deydi Konsta.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring