
Shirali ovoz sohibasi Yulduz Turdiyeva bir necha o‘n yillik ijodida davomida ilk bor yakkaxon konsert dasturini muxlislari e’tiboriga namoyish etish arafasida. Jonli ijroda o‘tadigan konsert oldidan OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazilib, bir necha savollarga Yulduz Turdiyeva va Davron Kabulov tomonidan javob berildi.
Ko‘p yillik ijod davomidagi ilk konsert haqida
— Bir yili albom taqdimoti qilganimda, Davronga bir qo‘shig‘im yoqib qolib, “Opa, konsert berishingiz kerak”, degan. Bir oy bu haqida o‘ylaganmiz ham. Ammo u vaqt karantinga to‘g‘ri kelib qoldi. Shunda ko‘p telekanallarda jonli onlayn konsertlar bo‘ldi. “Xalqlar do‘stligi”da to‘rt mingta kishi ko‘rsa, onlayn konsertni butun O‘zbekiston ko‘rdi” deya yana orqada qoldirdim.
Ozarbayjonda, Fransiyada har yili konsert dasturi bo‘ladi. Bu yil may oyida ham rejalashtirganmiz. Agar bu yil ham Davron “Opa, joy yo‘q, vaqt kam” deya turtki bermaganda, to‘ylar va bola-chaqa bilan bo‘lib yana orqaga surilib ketardi, deydi xonanda.
“Yulduz opa bilan kelasi 10 yildagi ijodiy hamkormiz”
— Yillar davomida turli sabablarga ko‘ra Yulduz Turdiyevaning konsertini o‘tkazish rejasi amalga oshmay kelayotgandi. Orada farzandli ham bo‘ldi. Bu yil vaqt tig‘iz bo‘lishiga qaramay, kichik imkon paydo bo‘lib qolganda, darhol ishga kirishdik. Nima uchun ikki kun, degan savolga javob bersam. O‘zbekistonda konsert biznesi yaxshi ahvolda emas. Ko‘p kasaba uyushmalari tomonidan odamlarning oyligidan ushlab qolish evaziga chipta o‘tkazish holatlari bor. Men buning birinchi navbatdagi dushmaniman. Undan ko‘ra, yaxshi konsert berish kerak, odamlar o‘zi xohlab shu konsertga kelsin. Ikkimiz ham “O‘zi qaysi xonandaning konserti edi?” degan gap bo‘lishini xohlamadik.
Yulduz Turdiyevaning talanti nuqtayi nazaridan 8-10 kunlik konsert ham kam deb hisoblayman. Men Yulduz opa bilan ikki yillik yoki birgina konsert haqida kelishmadik, balki 10 yillik hamkorlikni mo‘ljallayotgan hamkorlarmiz. Shu sababli kelasi yillarda konsert kunlarini uzaytirish muammo bo‘lmaydi. Rosmana Yulduz Turdiyeva san’ati ixlosmandlarini bir joyga jamlash masalasida biz ochko‘zlik qilolmaymiz, deydi Davron Kabulov.
Shabnam Surayyo bilan duet bo‘lishi mumkinmi?
— Konsertda duet bo‘lish-bo‘lmasligi hozircha sir. Ammo yana bir narsa, konsert tugagandan so‘nggina, iya, bugun duet bo‘lmadi-ya, deb eslanmasa, konsert davomida bunga alohida ehtiyoj bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Lekin duet bo‘lmaydi, deb ham aytolmayman.
Konsertda birinchi daqiqadan oxirgi onigacha bosh qahramon Yulduz Turdiyevaning o‘zi bo‘lishiga ularning kuchi bemalol yetadi. Yulduz Turdiyevaning ichida yana beshta Yulduz uxlab yotibdi, ularni uyg‘otish kerak, deydi Davron Kabulov.
Ijodkorlar tojikistonlik Shabnam Surayyo bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi.
“Buxoroning eng zo‘r libosidan kiyaman”
— Konsertda o‘zbekcha qo‘shiqlar kuylayman. Shundoq ham shu paytgacha asosan buxorocha, fors-tojikcha qo‘shiqlarni ko‘p kuylaganman. Liboslarimga ham alohida e’tibor qaratyapman, buxorocha eng chiroyli choponlaridan tiktiryapman. Buxorolik ikki dizaynerdan tashqari mashhur “Anor atelier” bilan ham ishlayapmiz.
Tabiatdan juda ko‘p narsadan, hatto, qishloqda o‘sgan bo‘lsam-da, mol-qo‘y, mushuklardan ham qo‘rqaman. Konsert oldi qo‘rquv, hayajon bo‘lishi esa tabiiy, deya xonanda o‘z holati haqida yashirmadi.
Konsertga alohida nom tanlanmagani haqida izoh berildi

Foto: iTicket
— Dasturga nom berilishi konsertdan konsertni farqlovchi bir element sifatida qo‘llaniladi. Yulduz Turdiyevaning ijodida bu ilk sarhisob konsert. Unda alohida qo‘shiq yoki mavzuni ajratib ko‘rsatish konsert geografiyasi nuqtayi nazaridan noto‘g‘ri bo‘ladi. Shunda ham eng sara qo‘shiqlari imkon darajasida qo‘shyapmiz. Bu muxlislar eshitib o‘rganganidek emas, boshqacha talqinda namoyish etiladi.
Yulduz opa “Mana shuncha qarindoshimga joy kerak. Men falonchi dugonamning konsertiga borganman, unga, bunga borganman. Ular ham menikiga kelishi kerak, joy topib bering” deb tinmayapti. Qarindoshlaringizga konsert qo‘yyapsizmi ham dedim. Ularni qiynayotgan eng katta muammo shu (kulib). Lekin bunday vaziyatlarda eng avvalo, shu yaqin insonlar tushunishi kerak deb o‘ylayman, deydi Davron Kabulov.
“Fonogrammadan foydalanilgan uyatli vaziyatlar bo‘ladi”
— Hukumatning konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanishi haqidagi qarordan xursand bo‘ldim.
Jon bor, jonli kuylash kerak-da. Shaxsan o‘zim, fonogrammada aytishdan qo‘rqaman. Unda juda ko‘p uyaltiradigan vaziyatlar bo‘ladi. O‘zimda ham ikkita davlat tadbirida shunday holat bo‘lgan — kompyuterdan ovozimni yo‘g‘onlashtirib yuborishgan. “Xalq artisti” yoki “Xizmat ko‘rsatgan artist” unvonlari bekorga berilmagan. Uni oqlay olish ham kerak. Jonimiz bormi, jonli aytish lozim, deydi Yulduz Turdiyeva. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar