Qo‘shiqlarini boshqalar kuylashini xohlamaydigan Kumush Razzoqova haqida

Xonanda Kumush Razzoqova shaxsiy hayoti haqida oshkora gapirishni xush ko‘rmaydigan san’atkorlardan biri sanaladi. Uning ismini otasi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidagi Kumush obraziga havas qilib qo‘ygan. San’atkor rossiyalik aktyor va musiqachi Vladimir Baramikov bilan turmush qurgan. Ular yigirma yil birga yashaganidan so‘ng ajrashishgan.
2013 yilda Kumush Razzoqova og‘ir avtohalokatga uchrab, jiddiy jarohat olgan. Oqibatda xonanda ikki oy davomida yura olmay qolgan.
U ijodiy faoliyatini “Sado” guruhida boshlagan. Biroq ma’lum sabablarga ko‘ra guruh tarqalib ketgan. Hozirda esa xonanda deyarli ijod qilmaydi. Intervyularida bunga sabab sifatida endi sahnada yoshlarga navbat berish kerakligini ta’kidlab keladi.
Shuningdek, Kumush Razzoqova o‘z qo‘shiqlarini boshqa san’atkorlar tomonidan sahnada ijro etilishiga qarshi ekanini ochiq aytgan.
“Men hali tirikman. Qo‘shiqlarimni boshqalar kuylashiga ruxsat bermayman”, — deydi u.
Xonanda fikricha, har bir narsaning boshi bo‘lgani kabi oxiri ham bor:
“Kun kelib san’atkor sahnani tark etib, o‘zidan keyingi yosh avlodga joy bo‘shatishi kerak. Qariganda ham reyting talashib, tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan xonandalarni tushunmayman. San’atda nimaga erishish mumkin bo‘lsa, erishildi, endi yoshlarga yo‘l berish kerak”, — deydi u intervyularidan birida.
Kumush Razzoqova o‘zining eng katta kamchiligi sifatida kurashuvchan emasligini ham tan olgan.
“Bu kamchiligimni haligacha yenga olmaganman. Oson taslim bo‘laman”, — deya ochiq tan oladi xonanda.
Кumush Razzoqova ijro etgan “Yomg‘ir”, “Men seni hech kimga bermayman”, “Oq bulut”, “Saraton”, “Ikki daraxt” va yana o‘nlab qo‘shiqlar esa hanuzgacha o‘zbekistonlik tinglovchilar qalbidan mustahkam o‘rin egallab kelmoqda.
