«Chuqur» yulduzi Aras Bulut Iynemli qo‘lga olindi

Turkiyada mashhur aktyorlar va shou-biznes vakillari ishtirokidagi yirik tergov jarayoni boshlandi. Bakirko‘y prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan giyohvandlik bilan bog‘liq surishtiruv doirasida 18 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qo‘lga olish qarori chiqarildi.
18 sentyabr kuni Istanbul jandarmeriyasiga gumonlanuvchilarni qo‘lga olish, ularning uy va ish joylarida tintuv o‘tkazish hamda biologik tekshiruvlar amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya davomida 15 nafar shaxs qo‘lga olingan.
Qo‘lga olinganlar orasida o‘zbekistonlik tomoshabinlarga «Muhtasham yuz yil» va «Chuqur» seriallaridan yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Aras Bulut Iynemli ham bor. Shuningdek, aktrisa Melis Sezen, reper Sefo va sobiq futbolchi Hasan Shash kabi mashhurlar ham tergovga jalb qilingani xabar qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, surishtiruvda aktrisa Nilperi Shahinkaya, Afra Saracho‘g‘li hamda sport jurnalisti Yag‘iz Sabunjuo‘g‘lining ismlari ham tilga olingan. Ayrim gumonlanuvchilardan biologik namunalar olingani haqida ham ma’lumot berildi.
Hozircha tergov davom etmoqda. Mazkur shaxslarga nisbatan bildirilgan gumonlar sud tomonidan yakuniy ayblov yoki hukm sifatida baholanmagan.






























Izohlar 0
…