Turkiyada mashhur aktrisalar giyohvandlik ishi bo‘yicha ushlandi

Turkiyada shou-biznes vakillari ishtirokidagi giyohvandlikka oid tergov doirasida keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazildi. Bakirko‘y prokuraturasi boshchiligidagi surishtiruvda taniqli aktyorlar, xonandalar, sportchilar va ijtimoiy tarmoq faollariga nisbatan protsessual choralar ko‘rilmoqda.
18 sentyabr kuni Istanbul jandarmeriyasi tomonidan o‘tkazilgan operatsiya davomida bir qator mashhurlar ushlangani xabar qilindi. Ular orasida Afra Saracho‘g‘lu, Melis Sezen, Melisa Shenolsun, Hazal Filiz Kuchukkyose va Nilperi Shahinkaya kabi aktyor va aktrisalar ham bor.
Shuningdek, tergov doirasida reper Sefo, sobiq futbolchi Hasan Shash, jurnalist Yag‘iz Sabunjuo‘g‘li va boshqa taniqli shaxslarning ham nomi qayd etilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilarning manzillarida tintuv o‘tkazilib, ulardan biologik namunalar olinishi belgilangan.
Prokuratura ma’lumotida tergov giyohvandlik vositalaridan foydalanish, bunday vositalardan foydalanishni osonlashtirish yoki buning uchun joy ajratish bo‘yicha gumonlar bilan bog‘liq ekani aytilgan. Gumonlanuvchilarning tergovga jalb qilinishi ularning aybi sud tomonidan isbotlanganini anglatmaydi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Mashhur aktyor va aktrisalarning keyingi taqdiri biologik tekshiruvlar hamda prokuraturadagi jarayonlardan so‘ng ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…