Toyota zavodlarida 40 mingta gumanoid robot ish boshlaydi

Toyota zavodlarida 40 mingta gumanoid robot ish boshlaydi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Toyota oʻzining global korxonalarida 2028-yildan boshlab 40 mingta gumanoid robotni joriy etishni rejalashtirmoqda.
  • Ushbu modernizatsiya dasturi uchun kompaniya har yili taxminan 6,4 milliard dollar sarflaydi.
  • Robotlar insonlar bilan hamkorlikda ishlashi, murakkab vazifalarni bajarishda yordam berishi va yangi xodimlarni oʻqitishda yoʻriqchi boʻlishi koʻzda tutilgan.

Yaponiya avtomobilsozlik giganti Toyota Motor oʻzining jahon miqyosidagi korxonalarida keng koʻlamli modernizatsiya dasturini boshlashga hozirlik koʻrmoqda. Nikkei nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, kompaniya yaqin yillarda oʻz zavodlarida 40 mingga yaqin insonnoma robotlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Ushbu qadam avtomobil ishlab chiqarish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish hamda ishchilar mehnatini yengillashtirishga qaratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Ishlab chiqarish infratuzilmasini tubdan yangilash uchun moʻljallangan ulkan dastur 2028-yilda rasman start oladi. Toyota bu maqsadlar uchun har yili qariyb 1 trillion yen, bu AQSH dollari ekvivalentida taxminan 6,4 milliard dollarni tashkil etadi, yoʻnaltirish niyatida. Bugungi kunda kompaniya dunyo boʻylab 60 ta zavodga ega boʻlib, ularda 18 ming nafarga yaqin yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritib kelmoqda.

Robotlar va insonlar hamkorligi

Yangi avlod gumanoid mashinalari ishlab chiqarishdagi muayyan operatsiyalarni oʻz zimmasiga olib, xodimlarga murakkabroq vazifalarni bajarishda yaqindan koʻmaklashadi. Hozirning oʻzidayoq ayrim sinov liniyalarida eksperimental robotlar ishlamoqda. Ular insonlarning harakatlarini aniq takrorlagan holda asta-sekinlik bilan nozik va murakkab operatsiyalarni oʻzlashtirib bormoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, joriy etilayotgan zamonaviy tizimlar oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishning eng maqbul usulini mustaqil ravishda topish imkoniyatiga ega. Bu esa zavodlardagi texnologik jarayonlarning moslashuvchanligini oshiradi. Toyota rahbariyati ushbu jarayonda ishdan boʻshatishlar yoki ishchilarni ommaviy ravishda texnika bilan almashtirish koʻzda tutilmaganini qатʼiy taʼkidlaydi.

Aksincha, gumanoid robotlar insonlar bilan chambarchas holda, yaʼni sinergiyada ishlashi koʻzda tutilgan. Kelgusida esa bunday aqlli mashinalardan yangi kelgan xodimlarni oʻqitish va ularga dastlabki koʻnikmalarni berishda yoʻriqchi sifatida ham foydalanish rejalashtirilmoqda. Ushbu yondashuv avtomobilsozlik sanoatida kadrlar tayyorlash tizimini ham sezilarli darajada oʻzgartirib yuborishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar